Suv tovar emas! Jizzaxda suvni tejash borasida qanday ishlar amalga oshirilmoqda?

Saqlash
22:51 / 02.05.2023 1888 0

Avvalroq, Oʻzbekistonda 2030-yilga borib 7 mlrd kub/metr suv yetishmovchiligi kuzatilishi haqida xabar bergan edik.

 

Yurtimizda ushbu muammoning oldini olish borasida qanday ishlar amalga oshirilmoqda? Suvni tejaymiz, deb hosildorlikka zarar yetkazib qoʻymaymizmi? “Suvni asrang” aksiyasi doirasida oʻtgan press turda Oyina.uz muxbiri shu va boshqa savollarga javob izladi.

 

Suv tovar emas

 

Maʼlumki, Yer yuzasining 70 foizi suv bilan qoplangan, ammo ushbu suvning asosiy qismi shoʻrdir. Chuchuk suv havzalarining ulushi taxminan 2,5 foizni tashkil qiladi. Biroq, chuchuk suv resurslari Yerda juda notekis taqsimlangan.

 

 

FAO (Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti) maʼlumotlariga koʻra, soʻnggi 20 yil ichida sayyoramizdagi chuchuk suv zaxiralari 20 foizga kamaydi.

 

BMT maʼlumotlariga koʻra, har yili 1,4 million odam suv sifati, sanitariya va gigiyena tufayli nobud boʻladi. Dunyo boʻylab har toʻrt kishidan biriga, yaʼni taxminan ikki milliard aholiga toza ichimlik suvi yetib bormaydi. Dunyo aholisining deyarli yarmi — 3,6 milliard kishi xavfsiz sanitariya sharoitlariga ega emas. Dunyo miqyosida maishiy oqava suvlarning 44 foizi tozalanmagan. 2050-yilga borib suvga global talab 55 foizga oshadi.

 

“Suv tovar sifatida emas, balki umumiy manfaat sifatida boshqarilishi kerak”, deydi mustaqil ekspertlar guruhi va BMT maxsus maʼruzachilari.

 

Oʻzbekistonda suvni tejash uchun 19 milliard dollar talab etiladi

 

Bir necha kun avval “Boston Consulting Group” boshqaruvchi direktori Igor Alekseyev Oʻzbekistonda suvni tejash boʻyicha olib borilayotgan izlanishlar hamda amalga oshirilayotgan ishlarga toʻxtalib oʻtgandi. Unga koʻra, bildirilayotgan tashabbuslarni amalga oshirish uchun taxminan 19 milliard dollar sarmoya talab etiladi.

 

“Agar Oʻzbekistonda suvni tejash boʻyicha barcha tashabbuslarni toʻplasak, taxminan 19 milliard dollar sarmoya talab etiladi. Shundan 4 milliard nasos stansiyalari va 6 milliardga yaqini xoʻjalik subyektlariga suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish uchun subsidiyalar uchun ketadi.

 

Moliya vazirligi va Suv xoʻjaligi vazirliklari bilan birgalikda ushbu kanallar funksiyasini baholagan holda kanallar tizimining modelini ishlab chiqdik. Eng muhimi esa — maʼlum bir hududda suvni iqtisodiy taʼminlash tizimini ishlab chiqish”, deydi Igor Alekseyev.

 

 

Press turda jurnalistlar Jizzax viloyatida suvni tejash boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida maʼlumot berishdi. Ilk obyekt chorvachilik klasteri boʻldi. Ushbu klaster chorvalarni doimiy ozuqa bilan taʼminlash maqsadida, ekin ekadi. Biroq ular suv muammosiga duch kelgan. Shundan soʻng muammoga yechim sifatida yomgʻirlatib sugʻorish texnologiyasi olib kelgan.

 

 

Suv 9-10 barobarga tejalmoqda

 

“Jizzax organik” chorvachilik klasteridagi 600 gektar makkajoʻxori ekin maydonlari yomgʻirlatib sugʻorish texnikasi “Center pivot” usulida sugʻorilmoqda. Ushbu texnika 3 kunda 500-600 gektarni sugʻorish quvvatiga ega. 50 metrli “Center pivot” Amerikadan olib kelingan. Oldinga va orqa harakatlanib sugʻorish imkoniyatiga ega. Ushbu texnika orqali beta, makkajoʻxori, koʻkatlar, gʻalla kabi oʻsimliklarni sugʻorish mumkin.

 

“Bu suv omboriga 300 ming metr kub suv ketadi. Bu suv ombori suvni tejash maqsadida qurilgan. Bu 600 gektar yerni sugʻorishga moʻljallangan. Avvallari 1 gektar yerga 900 litr suv sarflangan boʻlsa, yomgʻirlatib sugʻorishda 100-150 lir suv ishlatiladi. Bu bilan biz suvni 9-10 barobarga tejaymiz. Suv omborini kanaldan toʻldiramiz. Kanaldan tashqari yer tubidan chiqadigan suv orqali ham uni toʻldiramiz”, deydi DEM 2/1 kanalining rahbari Islombek Xolmurodov.

 

1 tup daraxt uchun anʼanaviy sugʻorishda 10 litr suv ishlatilgan boʻlsa, tomchilatib sugʻorishda 2 litr suv talab etiladi. Natijada suvni 5-6 barobarga tejash imkoniyati yuzaga keladi. Zominlik agronom bu haqda oʻz fikrlarini bildirdi. U 5 yildan buyon ushbu texnologiyadan foydalanadi.

 

 

1 tup koʻchatga 2 litr suv

 

Jurnalistlarning navbatdagi obyekti olma bogʻi boʻldi. U 120 gektardan tashkil topgan.

 

“2018-yildan buyon tomchilatib sugʻorish texnologiyasidan foydalanib kelyapmiz. Bu texnologiyaning anʼanaviy sugʻorishdan afzallik jihati shundaki, suv hamda ozuqa tejaladi. Biz 120 gektar yerga 5 xil navdagi olma daraxtlarini ekkanmiz. Hozirda 1 ta olma kuniga 2 soat sugʻoriladi. Buning uchun 2 litr suv sarf qilinadi. Bizning koʻchatlar 5 yilda hosilga kirdi. Oʻtgan yili har gektaridan 18 tonnadan hosil oldik”, deydi agronom Ulugʻbek Mamatqulov.

 

Ulugʻbek Mamatqulovning qayd etishicha, ushbu texnologiya sabab hosildorlik ham oshgan, mevalardan esa chirik chiqmaydi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//