Xalqaro kinobozorga ilk bor oʻzbek loyihasi chiqdi. Film va uning ijodkorlari haqida nimalar maʼlum?

Saqlash
15:24 / 20.04.2023 2162 0

“Oyoq” nomli toʻliq metrajli badiiy film ssenariysi xalqaro kinobozorga chiqqan ilk oʻzbek loyihasi boʻldi. Xoʻsh, bu nimani anglatadi? Film ustida kimlar ish olib bormoqda? Suratga olish ishlari qachon boshlanadi? Shu va boshqa savollar bilan oyina.uz jurnalisti Shaxnoza Toʻramurodova rejissor Shokir Xoliqovga murojaat qildi.

 

Rejissorning maʼlum qilishicha, 2023 yil 1-aprel kuni Qozogʻiston Respublikasining “A Films” kinostudiyasi yangi “Oyoq” nomli toʻliq metrajli badiiy filmni ishga tushirdi. Gap shundaki, bu film ssenariysi Oʻzbekistonlik yosh rejissyor Shokir Xoliqov tomonidan yozilgan va u Qozogʻistonlik prodyuserlar ishonchini qozongan. Shu tariqa ssenariy dastlab Qozogʻistonning “Salem shorts” ssenariylar tanlovida gʻoliblikni qoʻlga kiritgan. 2022 yilda loyiha Toshkentda boʻlib oʻtgan "Ipak yoʻli durdonasi" xalqaro kinofestivali doirasida Fransuz kinoijodkorlari tomonidan oʻtkazilgan kinoloyihalar tanlovida ham ishtirok etgan.

 

Shu yilning 12-15 aprel kunlari esa Turkiyaning Istanbul shahrida boʻlib oʻtgan “Meetings on the Bridge” xalqaro kinoloyihalar kinobozorida ishtirok etdi. Xoliqovning qayd etishicha, bu xalqaro kinobozorga chiqqan ilk oʻzbek kinoloyihasi hisoblanadi.

 

“Meetings on the Bridge”ning bu galdagi platformasiga 3 ta xalqaro badiiy va 2 ta hujjatli filmlar tanlab olingan. Quyida tanlab olingan kinoloyihalar nomi va ijodkorlari taqdim etilgan:

 

• Xotira (rejissor: Ibraim Haniiyev, prodyuser: Maksim Safonov)

 

• Oyoq (rejissor: Shokir Xoliqov, prodyuser: Aygerim Satibaldi)

 

• Project 2602 (rejissor: Rafig Hajiyev, prodyuser: Raul Celaya)

 

• Beshinchi koʻz (rejissor: Ali Hamraz, prodyuser: Kurosh Ataee)

 

• Parij 18 (rejissor: Kitodar Todorov, prodyuser: Madgelena Ilieva)

 

Kinobozorda “Oyoq” filmi loyiha sifatida jami 10 ta davlat vakillariga namoyish qilindi. Vakillar Yevropaning yetakchi fondlari, kino bozorlari vakillari, nufuzli xalqaro festivallar yetakchilari, nemis, serb, fransuz, golland, Norvegiya, italyan, turk prodyuserlari boʻlib, ular bilan kinoloyiha boʻyicha alohida uchrashuvlar tashkil qilinib, muzokaralar olib borildi. Endilikda ularni loyiha bilan yaqinroq tanishtirish maqsadida ssenariy toʻliq shaklda taqdim etiladi. Bundan tashqari film ijodkorlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar, xususan Shokir Xoliqovning ijodiy faoliyati, uning hozirgi kunga qadar qilgan ijodiy ishlari, erishgan yutuqlari haqida ham maʼlumotlar taqdim etiladi. Soʻng yana fikr mulohazalar va kelishuvlar asosida loyihaga qiziqish bildirgan tomonlar bilan shartnomalar imzolash kutilmoqda. Eng muhimi shundaki, endilikda hamkor boʻlish yoki boʻlmaslikdan qatʼiy nazar film ishlab chiqarilishidan boshlab toki tayyor boʻlguniga qadar Yevropaning yetakchi fondlari, kino bozorlari vakillari, nufuzli xalqaro festivallar yetakchilari kuzatuvi ostida boʻladi. Film tayyor boʻlishi bilan premyeralar, festivallar, namoyishlar, prokatlar borasida kelishuvlar tuziladi.

 

Loyiha Qozogʻiston va Oʻzbekistonning qoʻshma ishi boʻlib, “A Films” studiyasi tomonidan amalga oshirilmoqda va kelgusida filmni nafaqat ikki davlat, balki Yevropaning bir qancha davlatlari bilan hamkorlikda ishlab chiqarilishi rejalashtirilmoqda. Filmning suratga olish ishlari shu yilning kuz oylariga Oʻzbekistonda amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Ssenariy muallifi va postanovkachi rejissor Shokir Xoliqov. Film prodyuseri Qozogʻistonlik taniqli prodyuser Aigerim Satibaldi. Bundan tashqari Qozogʻistonning eng yaxshi operatorlaridan biri, A toifasidagi xalqaro kinofestivallar ishtirokchisi va gʻolibi Yerkinbek Ptiraliyev postanovkachi operator sifatida loyihaga taklif etilgan.

 

Maʼlumot uchun, “Meetings on the Bridge” yaʼni “koʻprik ustidagi suhbat” Istanbulni Yevropa bilan bogʻlovchi koʻprikka nisbatan qoʻllanilgan ramziy maʼnodagi nom. Bundan anglash qiyin emaski, asosiy maqsad Yevropa kinobozoriga kirish va ular bilan mustahkam aloqalarni oʻrnatishdir. Qolaversa kelajakda rejissyorlar bilan badiiy va moliyaviy hamkorlikni yoʻlga qoʻyish hamda ularga ilk qadamlarni qoʻyishda koʻmaklashishdan iborat.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//