JSST “omikron”ning yangi XBB.1.16 subvariantini kuzatuv ostiga oldi

Saqlash
21:29 / 19.04.2023 1276 0

Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti SOVID-19ning XBB.1.16 subvariantini oʻz kuzatuv roʻyxatiga qoʻshdi. Tashkilotning favqulodda vaziyatlar boʻyicha direktori Maykl Rayan fikricha, bunga infeksiyaning yanada keng tarqalish ehtimoli sabab boʻldi.

 

Dastlabki oʻrganishlarga koʻra, yangi mutatsiyaga xos belgilar avvalgi subvariantlar alomatlari bilan bir xil. Hozir u mavjud versiyalarning 4,2 foizini tashkil qilmoqda. Vaholanki, bir oy avval bu koʻrsatkich bor-yoʻgʻi 0,5 foizga teng edi.

 

“Ushbu variant dunyo boʻylab keng tarqalishda davom etishi mumkin. Bu esa kasallanish koʻrsatkichlari oshishiga sabab boʻladi. Shunga qaramay, hozircha yangi variantning ogʻir kechishi kuzatilgani yoʻq”, deydi M. Rayan.

 

Ekspertlarning xulosa qilishicha, COVID-19 qarshi emlanish koʻrsatkichlari yuqori boʻlgan mamlakatlarda xastalik nisbatan yengil va asoratsiz oʻtmoqda.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//