Teridagi xollar onkologik muammolarga sabab boʻladimi?

Saqlash
17:09 / 18.04.2023 1358 0

Ushbu savolga onkolog Tojiddin Mustafoyev javob berdi.

 

— Xol odamning boʻyin yoki bosh kabi aʼzolarida joylashgan boʻlsa, uni jarohatlanishdan ehtiyotlash lozim. Chunki boʻyinga har kuni kiyimlarning yoqasi tegib ishqalanadi. Boshda boʻlsa, sochni taraganda taroq tegib, jarohatlashi mumkin. 

 

Bundan tashqari, quyosh nurida toblanish natijasida ham xollarning xususiyati oʻzgarib, xavfli tus olishi ehtimoldan xoli emas.

 

Xollarni uyda mustaqil davolashga harakat qilish oqibatida baʼzan pigment toʻqimasida paydo boʻladigan xavfli oʻsma — melanoma yuzaga kelishi mumkin. Unga har xil malhamlar surish, bilib-bilmay, turli usullarni qoʻllash teriga zarar berish ehtimoli yuqori.

 

Xollar birdan paydo boʻlsa, qisqa vaqt ichida koʻpaysa, yorilsa yoki usti dagʻallashsa, rangi toʻq boʻlib oʻzgarsa, albatta onkolog mutaxassisga borish lozim.

 

Xol bezovta qila boshladimi, unga sira eʼtiborsiz boʻlmaslik kerak. Chunki u yalligʻlansa, yomon sifatli oʻsmaga aylanishi tezlashadi.

 

Onkolog koʻrigida boʻlish va mutaxassisning aniq tashxisiga asoslanib, tavsiyalarni oʻz vaqtida bajarish zarur.

 

Agar xol oddiy shamollash yoki yalligʻlanish tufayli paydo boʻlsa, u holda bemor kerakli shifokor huzuriga yuboriladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//