Jamiyat
9-aprel – Sohibqiron Amir Temur tavallud topgan kun. Erta tongdan poytaxtimizdagi Amir Temur xiyobonida tarixchilar, davlat va jamoat arboblari, shoir-yozuvchilar, mahalla faollari, keng jamoatchilik vakillari hamda yoshlar jam boʻlishdi. Tadbirda soʻz olganlar Amir Temur davlatchiligi, uning turonzaminda tinchlik oʻrnatib, mamlakatning har jihatdan rivoji uchun qoʻshgan hissasi, xalqning tinch-osoyishta hayot kechirishi va davlatning qudratli boʻlishi yoʻlida qilgan saʼy-harakatlari haqida maʼlumot berishdi.
– Sohibqiron mamlakatda qonun ustuvorligini taʼminladi, ziroatchilik, hunarmandchilik, savdo-sotiq, ilm-fan va madaniyatning rivojiga ulkan hissa qoʻshdi. Amir Temur Vatanni sevish, xalqini ulugʻlash, undan faxrlanish va gʻururlanish singari oliy maʼnaviy fazilatlar barq urib turgan turonzaminning jasur oʻgʻlonidir. U yaxshi qurollantirilgan, harbiy mashqlarda obdan chiniqtirilgan kuchli armiyaga asos soldi. Hamma zamonlar, hamma mamlakatlar, hamma xalqlar uchun ibrat namunasi, oʻzbek xalqi uchun esa faxr va milliy gʻurur timsoli boʻlib qoldi. Shubhasiz, har birimiz Amir Temur singari dunyo tarixida oʻchmas iz qoldirgan shunday ulugʻ insonning avlodi ekanimizdan haqli ravishda faxrlanamiz. Bugun Yangi Oʻzbekistonda uchinchi Renessansga poydevor qoʻyilayotgan bir paytda sohibqiron bobomiz shaxsiyatiga xos boʻlgan qahramonlik, jasurlik, fidoyilik, Vatanga sadoqat kabi koʻpdan koʻp fazilatlar barchamiz uchun oʻrnak boʻlib xizmat qiladi, – dedi Xalqaro Amir Temur xayriya jamoat fondi raisi, Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Muhammad Ali.
Shuningdek, Ozarbayjon Respublikasining Oʻzbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Husayn Guliyev soʻzga chiqib, Ozarbayjonda sohibqiron Amir Temur davri tarixini oʻrganish boʻyicha olib borilayotgan tadqiqotlar haqida gapirdi. Harbiylarning koʻrgazmali chiqishlari yigʻilganlarda iliq taassurot qoldirdi. Yakunda Amir Temur xotirasiga hurmat bajo keltirilib, bobokalonimiz haykali poyiga gullar qoʻyildi.
Tadbirdan soʻng barcha mehmonlar temuriylar tarixi davlat muzeyiga yoʻl olishdi. Tadbir “Temuriylar renessansi: tarix, tadqiqotlar, muammolar” mavzusidagi konferensiyaga ulanib ketdi. Anjumanda yurtimiz va qoʻshni mamlakatlardan kelgan tarixchi olimlar maʼruza qilib, oʻzaro fikr almashishdi.
– Amir Temur Sharq va Gʻarb tadqiqotchilarini oʻz atrofida toʻplagan Turonning mashhur tarixiy namoyondalaridan biridir. U barpo qilgan Temuriylar davlati Oʻzbekiston davlatchilik tarixi konsepsiyasining oʻzagini tashkil etadi. U oʻzbek millati qahramoni sifatida talqin etilishi bejiz emas. Amir Temur qudratli saltanat qurishni istagandi va buni ajoyib tarzda uddaladi. Turonni yagona tugʻ ostida birlashtirdi, – deydi Abdulla Qodiriy ijod maktabi direktori, Tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori Hilola Nazirova.
Muzey fayesida temuriylar shajarasi, Oʻrta asrlarga oid eng noyob eksponatlar, nodir qoʻlyozmalar va boshqa osori-atiqalardan tashkil etilgan koʻrgazma barchaga birdek manzur boʻldi. Koʻrgazmada xalqimiz va xorijiy mehmonlar ishtirok etib, chin maʼnoda tarixga sayohat qilishdi.
Amir Temur va temuriylar davridagi qadimiy qurol-aslahalar bilan birga yurtimizning taniqli xalq amaliy sanʼati ustalari ijodiy ishlari ham namoyish etildi. Jumladan, madaniyat va sanʼatga ishtiyoqi tufayli xalq hunarmandchiligining milliy musiqa cholgʻularini taʼmirlash va ixtiro qilish boʻyicha ilmiy izlanishlar olib borayotgan taniqli usta, “Mehnat shuhrati” ordeni sohibi Abdumalik Abduraimov oʻzining 50 yillik faoliyati davomida kashf etgan “Gʻijjak Boburiy”, “Gʻijjak Boburiy” alt, “Gʻijjak Boburiy” bas, “Gʻijjak Boburiy” kontrabas, “Dilrabo”, “Dilnavo”, “Xushnavo”, “Yangi chang”, “Qoʻshtor” cholgʻulari koʻpchilikda qiziqish uygʻotdi.
Iqtisod
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jahon
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q