Shavkat Mirziyoyev Yangi Toshkent shaharchasi loyihasi taqdimoti bilan tanishdi

Saqlash
00:12 / 11.03.2023 1146 0

Prezident Shavkat Mirziyoyev 10-mart kuni qurilish loyihalari taqdimoti bilan tanishdi.

 

Mamlakatimiz taraqqiyoti va hayot talabi bilan bunyodkorlik koʻlami ortmoqda. Ayniqsa, Toshkent shahrida juda koʻp ijtimoiy-iqtisodiy inshootlar qurildi. Davlatimiz rahbari bu masalani alohida eʼtiborga olib, poytaxtning meʼmoriy qiyofasini saqlab qolish, kelgusidagi qurilishlarni shahar tashqarisida qilish vazifasini qoʻygan edi.

 

Shunga muvofiq, Yangi Toshkent shaharchasi loyihasi ishlab chiqilmoqda. Taqdimotda Prezidentimizga shu haqida axborot berildi.

 

Unga koʻra, birinchi bosqichda 6 ming gektarda bunyodkorlik qilish rejalashtirilgan. Shundan kelib chiqib, istiqbolli qurilish hududlari, yangi shahar bilan poytaxtni birlashtiruvchi asosiy yoʻllar sxemalari ishlab chiqilgan.

 

Shaharcha yangi maʼmuriy va iqtisodiy markaz boʻladi. Poytaxtimizning sharqiy qismida, Yuqori Chirchiq va Oʻrta Chirchiq tumanlari hududida barpo etiladi. 800 ming aholiga moʻljallangan boʻladi.

 

U yerda vazirlik va idoralar, oliy taʼlim muassasalari, sogʻliqni saqlash tashkilotlari, teatr, kutubxona, mehmonxonalar, turar joy binolari, bogʻlar oʻrin oladi. Xususan, yashil hududlar 363 gektarni tashkil qilishi koʻzda tutilgan.

 

Maʼlumki, Samarqand viloyatida Imom Buxoriy majmuasi yangidan barpo etilmoqda. Bugungi kunda binolar qurib bitkazilib, pardozlash ishlari olib borilmoqda. Majmua devorlari milliy naqshlar bilan sayqallanadi, naqqoshlik va xattotlik sanʼati uygʻunlashadi. Uning devorlariga qadimiy uslubda Qurʼoni karim suralari va hadislar yoziladi.

 

Prezidentimiz tashabbusi bilan majmuada Imom Buxoriy muzeyi ham tashkil etilishi rejalashtirilgan. Tadbirda ushbu muzeyning konseptual loyihasi taqdimoti ham oʻtkazildi.

 

Muzey boy madaniy qadriyatlarimizni oʻzida jam qilish barobarida zamonaviy dizaynga ega boʻladi. 8 ta pavilyon, xususan, Muhammad alayhissalom va nubuvvat tarixi, hadis ilmining paydo boʻlishi va rivojlanishi, Imom Buxoriyning hayoti va ilmiy faoliyati, Imom Buxoriy fazilatlari, bolalar boʻlimi, «Al-jome as-sahih» - islom dinining ikkinchi manbasi, Imom Buxoriy merosining bugungi kundagi ahamiyati, Yangi Oʻzbekistonda diniy-maʼrifiy islohotlar va Imom Buxoriy merosiga eʼtibor kabi mavzularga boʻlinadi.

 

Davlatimiz rahbari muzeydan oʻrin olgan har bir ashyo va vizual maʼlumot ziyoratchilarga maʼrifat yetkazishi kerakligini alohida qayd etdi.

 

Mamlakatimizda biznes muhit yaxshilangani sari tashqi savdo aloqalari ham kengayib bormoqda. Bunga mutanosib ravishda bojxona infratuzilmasini ham rivojlantirish zarurati tugʻilmoqda.

 

Xususan, Oʻzbekistonning Qozogʻiston bilan chegaradagi «Gʻishtkoʻprik» bojxona posti orqali har kuni koʻplab insonlar oʻtadi.

 

Shu bois mazkur bojxona posti uchun zamonaviy majmua barpo etish rejalashtirilgan. Yangi terminal, avtomobil yoʻli, avtoturargoh, oshxona, tibbiyot xonasi, savdo va maishiy xizmat shoxobchalari barpo etilishi koʻzda tutilmoqda.

 

Prezident majmuada yoʻlovchilar uchun barcha qulayliklarni yaratish, bojxona nazorati va yuklarni oʻtkazish jarayonini raqamlashtirish boʻyicha koʻrsatmalar berdi.

 

Taqdimotda, shuningdek, mamlakatimizning Birlashgan Arab Amirliklari va Ozarbayjon Respublikasidagi elchixonalarining yangi binolari loyihalari haqida ham axborot berildi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//