Jamiyat
Senatning yalpi majlisida “Energiya resurslaridan qonunga xilof ravishda foydalanganlik uchun javobgarlik kuchaytirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslariga hamda Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun muhokama qilindi.
Foto: Oliy Majlis Senati
Maʼlum qilinishicha, Bosh prokuratura tomonidan 2022 yil va 2023 yilning oʻtgan davri yuzasidan elektr energiyasi va tabiiy gazdan foydalanish qoidalarini buzganlik holatlari boʻyicha 433 ta jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. Ushbu jinoyatlar oqibatida davlat manfaatlariga 368,1 milliard soʻm miqdorda moddiy zarar yetkazilgan.
Foto: Oliy Majlis Senati
Shuningdek, suv taʼminoti tarmoqlariga 1624 ta noqonuniy ulanish aniqlanib, qoidabuzarliklarga yoʻl qoʻygan shaxslardan 7 milliard 144 million soʻmlik qoʻshimcha toʻlovlar undirilgan.
Foto: Oliy Majlis Senati
Amaldagi Jinoyat kodeksida belgilangan energiya resurslaridan noqonuniy foydalanganlik uchun javobgarlik choralarining yetarli emasligi bunday jinoyat sodir etib, davlatga katta miqdorda zarar yetkazgan shaxslarga nisbatan bugungi kunda tegishli choralar koʻrish imkoniyatini bermayapti.
Shu sababli energiya resurslaridan noqonuniy foydalanganlik, bu boradagi vakolatli organlarning koʻrsatmalarini bajarmaganlik holatlari uchun javobgarlik choralarini kuchaytirish zarurati vujudga kelganligi alohida qayd etildi.
Foto: Oliy Majlis Senati
Umumiy foydalanishdagi elektr, issiqlik, gaz yoki vodoprovod tarmoqlariga tijorat maqsadlarida oʻzboshimchalik bilan ulanish yoxud ularni hisobga olish asboblari va plombalariga qasddan shikast yetkazish, shuningdek, ushbu qilmishlarni kommunal xizmati tashkilotlarining mansabdor shaxslari yoki xodimlari bilan til biriktirib, sodir etilgan jinoyat holatlari endilikda oʻgʻrilik jinoyati deb baholanishi nazarda tutilmoqda.
Shu bilan birga, Jinoyat kodeksiga “tijorat maqsadi” tushunchasi kiritilib, jismoniy va yuridik shaxslarning muayyan faoliyatida foyda, daromad olish, naf koʻrishga qaratilgan maqsad ekani belgilanmoqda.
Energiya resurslaridan noqonuniy foydalanganlik uchun nazarda tutilgan jinoyatlarga doir ishlar boʻyicha dastlabki tergov harakatlari prokuratura organlari tomonidan amalga oshirilishi qonun bilan mustahkamlanmoqda.
Sohada davlat nazoratini toʻliq taʼminlash, huquqbuzarliklarning oldini olish maqsadida Oʻzenergoinspeksiya tomonidan berilgan yozma koʻrsatma va taqdimnomalarni bajarmaganlik uchun maʼmuriy javobgarlikni koʻrib chiqish vakolati sudlarga berilishi muhokama markazida boʻldi.
Shuningdek, senatorlar elektr energiyasi va gazdan foydalanish qoidalariga rioya etmaslik holatlarini tezkorlik bilan bartaraf etish masalalariga oid vakolatlar sudlardan Oʻzenergoinspeksiya va uning hududiy boshqarmalariga oʻtkazilayotganligiga alohida eʼtibor qaratishdi.
Muhokama yakunida qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.
Siyosat
Iqtisod
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q