Prezident Oʻzbekistonga jahon brendlarini olib kelish xususida gapirdi

Saqlash
14:10 / 28.02.2023 1104 0

Prezident Shavkat Mirziyoyev 27-fevral kuni investitsiyalarni jalb qilish va sanoatni rivojlantirish masalalari yuzasidan yigʻilish oʻtkazdi.

 

Soʻnggi yillarda barcha tarmoqlardagi dasturlarga 31 milliard dollarlik toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar jalb qilindi. Natijada oʻtgan 5 yilda sanoat 1,4 barobar, eksport 1,5 barobarga oshdi.

 

Kelgusi 5 yilda iqtisodiyot barqaror oʻsishi uchun sanoatni yana 1,5 barobarga oshirish, eksportni 30 milliard dollarga yetkazish maqsad qilib qoʻyilgan. Buning uchun 120 milliard dollar sarmoya, jumladan, 70 milliard dollar xorijiy investitsiya zarur.

 

Bunga investitsiya, sanoat va eksport boʻyicha yaxlit siyosat yuritish orqali erishish mumkin. Shu bois “Yangi Oʻzbekiston maʼmuriy islohotlarini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident farmoniga muvofiq, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi tashkil qilindi.

 

Yigʻilishda jahon moliya bozorlaridagi vaziyatdan kelib chiqib, soha oldidagi muhim vazifalar koʻrsatib oʻtildi.

 

Joriy yilda 11 milliard dollarlik toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni oʻzlashtirish, yirik investorlar bilan manzilli ishlash boʻyicha vazifalar belgilandi. Investitsiyalarni jalb qilishda iqtisodiy diplomatiyani va chet eldagi diplomatik vakolatxonalar ishtirokini kuchaytirish muhimligi qayd etildi.

 

Yil yakunigacha 304 ta yirik va 3 mingta hududiy loyiha ishga tushirilishi rejalashtirilgan. Ularning natijasida qoʻshimcha 10 trillion soʻmlik mahsulotlar ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyiladi.

 

Davlatimiz rahbari sanoat boʻyicha tarmoq va hududlardagi qoʻshimcha zaxiralarni ishga solish, mahsulotlar raqobatbardoshligini oshirish uchun tannarxni kamaytirish yuzasidan koʻrsatmalar berdi.

 

Xorijiy konsultantlarni jalb qilib, maxsus va kichik sanoat zonalarini hududlarni rivojlantirish “drayveri”ga aylantirish, ularda yangidan yaratilayotgan ishlab chiqarish quvvatlarini joylashtirish zarurligi taʼkidlandi. Toʻqimachilik, charm, qurilish materiallari, elektr texnikasi, oziq-ovqat, farmatsevtika, zargarlik kabi tarmoqlarda yangi mahsulotlarni oʻzlashtirish, jahon brendlarini olib kelish orqali yangi bozorlarga chiqish muhimligi aytildi.

 

Yangi loyiha takliflarini ishlab chiqish va investorlarga taqdim etish boʻyicha loyiha guruhlarining ishini faollashtirish topshirildi.

 

Yigʻilishda ijtimoiy masalalarga ham toʻxtalib oʻtildi. Taʼlim, sogʻliqni saqlash, ichimlik suvi va yoʻl infratuzilmasi dasturlaridan kelib chiqib, ustuvor loyihalarni shakllantirish vazifasi qoʻyildi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//