Shavkat Mirziyoyev dolzarb masala yuzasidan yigʻilish oʻtkazdi

Saqlash
13:42 / 28.02.2023 1174 0

Prezident Shavkat Mirziyoyev 27-fevral kuni qayta tiklanuvchi energiya manbalarini kengaytirish chora-tadbirlari yuzasidan yigʻilish oʻtkazdi.

Soʻnggi yillarda energetika butun dunyoda dolzarb masalaga aylanib bormoqda. Shu bois salohiyatli davlatlar uning muqobil yoʻllarini izlamoqda. Bugun jahon energetikasida “yashil energetika” ulushi qariyb 30 foizga yetgan, ayrim Yevropa davlatlarida 80-90 foizdan oshgan.

Oʻzbekistonda ham bu borada faol ish olib borilmoqda. Soʻnggi uch yilda energetika sohasiga 8 milliard dollarlik toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalar jalb qilindi. Xususan, Navoiy va Samarqand viloyatlarida quyosh elektr stansiyalari ishga tushirildi. Bu yil 18 ta shunday stansiyalar barpo etilmoqda. Bu orqali xonadonlarga beriladigan elektr energiyasi 50 foizga koʻpayadi.

Umuman, energetika masalasi davlat rahbarining doimiy eʼtibori va nazoratida. Bu sohada koʻplab loyihalar, hududlarga tashriflar chogʻida aniq vazifalar belgilanmoqda.

Oʻzbekiston Prezidentining shu yil 16-fevraldagi qarori bilan, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy etishni jadallashtirish boʻyicha katta dastur qabul qilindi. Jumladan, “Yashil energiya” kompaniyasi tashkil etilib, unga dastlabki 10 million dollar yoʻnaltirildi.

Mazkur dasturga koʻra, joriy yilda tadbirkorlar, ijtimoiy soha va aholi xonadonlarida 1 ming 700 Megavatt quvvatli quyosh panellari oʻrnatish koʻzda tutilgan.

Yigʻilishda mutasaddilar shu boradagi ishlarning tashkiliy va moliyaviy jihatlari yuzasidan axborot berdi.

Xususan, ijtimoiy soha obyektlari va davlat idoralarida 220 Megavatt, tadbirkorlar tomonidan 1 ming 300 Megavatt va yangi qurilayotgan koʻp qavatli uylar tomida 15 Megavatt quvvatga ega quyosh panellari oʻrnatilishi aytildi. Bu borada Andijon, Qashqadaryo, Surxondaryo, Fargʻona, Navoiy va Samarqandda faol ish boshlagan. Davlat rahbari joylarda ishlarni toʻgʻri tashkil etish boʻyicha koʻrsatmalar berdi.

Yigʻilishda energetikaning boshqa yoʻnalishlarida koʻrilishi lozim boʻlgan chora-tadbirlar, jumladan, aholini tabiiy gaz bilan barqaror taʼminlash, iqtisodiyot tarmoqlarida va ijtimoiy sohada energiya samaradorligini oshirish, gaz sarfi yuqori boʻlgan ishlab chiqarish quvvatlarini koʻmirga oʻtkazish, geologiya-qidiruv ishlarini kengaytirish, mavjud uglevodorod xomashyosi konlarini rivojlantirish va yangilarini oʻzlashtirish masalalari ham koʻrib chiqildi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//