Oyina.uz Yozuvchilar uyushmasida eʼtirof etildi

Saqlash
16:48 / 23.02.2023 1218 0

Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasida Adabiy tanqid kengashi faoliyatining 2022-yil yakuniga bagʻishlangan hisobot yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Unda akademik tadqiqot tipidagi, hozirgi adabiy jarayonga oid ilmiy-tanqidiy yoʻnalishda faoliyat yuritayotgan saytlar haqida ham soʻz bordi. Xususan, “oyina.uz” alohida eʼtirof etildi.



“Internet nashrlarida adabiyotshunoslik va adabiy tanqidga oid maqolalar 2022-yilda oʻtgan yillarga nisbatan sezilarli darajada koʻpaygani kuzatildi. Ilgari internet nashrlari deganda, asosan ”Khurshid Davron kutubxonasi“, ”uza.uz“, ”ijod.uz“, ”ziyo.uz“ kabi sanoqli rasmiy saytlar tilga olingan boʻlsa, bugun ularning qatorida ”oyina.uz“, ”nodirabegim.uz“ kabi saytlar peshqadamlikka intilmoqda”, dedi Bekmurod Boyzoqov.



Yigʻilishda, shuningdek, “oyina.uz” saytida akademik Naim Karimovning “Hamid Olimjon tergovchiga Usmon Nosir haqida nimalar degan edi?” maqolasi, Bekzod Sayfiyevning “Elif Shafaqning ”Ishqqa oid 40 qoida“si nimalarni targʻib qilgan?”, Dilmurod Quronovning “Tarix va talqin masʼuliyati” kabi koʻplab maqolalari eʼlon qilingani aytildi.



Yigʻilish davomida adabiy nashrlardagi adabiy-tanqidiy maqolalar boʻyicha Mashhura Sheraliyeva maʼruzasi ham tinglandi. U bugungi adabiy jarayonda yoshlarda taqriz yozishda tajriba yetishmayotganini taʼkidladi. Bu muammoni hal etish yuzasidan talabalar oʻrtasida taqriz yozish tanlovini oʻtkazish taklif qilindi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//