O‘zbekistonga yana chang bo‘ron qaytadi, bu safar kuchli sovuq bilan. Aholi bu vaqtda uyda qoladimi?

Saqlash
20:41 / 14.11.2021 1066 0

17-18-noyabr kunlari respublikaning barcha hududiga Volga bo‘yi orqali Rossiyaning Yevropa hududi (Moskva viloyati) ustida shakllangan nam va sovuq havo massasi kirib keladi, deb xabar qilmoqda O‘zgidromet.

 

16-17-noyabrda respublika bo‘yicha shamol tezligi 17-22 m/s gacha kuchayishi kutilmoqda, ba’zida 25-28 m/s gacha kuchayishi mumkin, ba’zi joylarda changli bo‘ron bo‘ladi. 16-noyabrda Qoraqalpog‘istonda, Xorazm viloyatida, 17-noyabrda O‘zbekistonning qolgan hududlarida yog‘ingarchilik (yomg‘ir, qorga aylanadi) bo‘ladi, 17-18-noyabrda tog‘oldi va tog‘li hududlarda yog‘ingarchilik (yomg‘ir, qor) ba’zi joylarda kuchli bo‘ladi.

 

Respublika bo‘yicha harorat keskin pasayishi kutilmoqda. 7-18-noyabrda O‘zbekistonning qolgan hududlarida harorat kechalari -5...-8 daraja sovuq, kunduz kunlari +0..+3 daraja iliq bo‘ladi. Shimolda kechalari -12...-15 daraja sovuq, kunduz kunlari 0...-3 daraja sovuq bo‘lishi kutilmoqda.

 

Xabaringiz bor, 4-noyabr kuni Toshkentda kuchli to‘zon kuzatilgan edi. “O‘zgidromet”ning rasman bildirilishicha, so‘nggi 150 yilda Toshkentda bu kabi chang va qum bo‘roni ro‘y bermagan. Bo‘ron oqibatida Toshkent shahrida havoning qattiq zarralar bilan ifloslanish darajasi bir kub metrga  18 ming mikrogrammni tashkil qilgan. Bu esa belgilangan xavfsiz me’yordan 30 barobarga ko‘pdir.

 

9-noyabr kuni Innovatsion rivojlanish vazirligi Fanlar Akademiyasi Bioorganik kimyo instituti olimlari chang tarkibini o‘rganib chiqqani va qum bo‘ronidan so‘ng Toshkentga cho‘kkan chang tarkibida og‘ir metallar, tuzlar, inson salomatligi uchun xavfli pestisidlar mavjud emasligi to‘g‘risida bayonot bergan edi.

AQSH Koinot agentligi – NASA esa Toshkentda yuz bergan qum va chang bo‘ronining o‘z sun’iy yo‘ldoshidan olingan fotosuratini 11 noyabrning Kun surati deb e’lon qilgan. “Agar o‘lchovlarga ishonilsa, demak, bu haqiqatan ham havoning qattiq zarralar bilan ifloslanish darajasi ekstremal va favqulodda darajaga yetganini anglatadi”,- deb bildirgan NASA.

 

Yurtimizda chang bo‘roni vaqtida maktablar, bog‘chalar, davlat ishxonalari doimiy faoliyatini davom ettirgan, qisqa muddatli karantin e’lon qilinmagan. Hech qaysi tashkilot, jumladan Kasaba uyushmasi tomonidan allergiya, astma va o‘pka kasali bilan og‘ruvchi bemorlar uyda qolishlari shartligi, ularning bu davrda ishdan ozod qilinishi va buning uchun ish haqidan ushlab qolinmasligini bildirilmagan.

 

Shu sababli 4-6-noyabr kunlari “Tez yordam” xizmatiga qo‘ng‘iroqlar soni keskin oshib ketgan. 16-18-noyabr kunlari kutilayotgan sovuq iqlim va chang bo‘ronida aholining uyda qolish-qolmasligi bo‘yicha hali biror xabar chiqarilgani yo‘q.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//