Bugun Andijonga tadbirkorlikni kengaytirish, barqaror energiya manbalari yaratish, odamlarning daromadini oshirish uchun keldik – Shavkat Mirziyoyev

Saqlash
20:50 / 01.02.2023 1216 0

Tadbirkorga erkinlik berilsa, qo‘llab-quvvatlansa, gurkirab rivojlanishiga Shahrixon tumanidagi “Elegant shoes and” korxonasi yaqqol misol. Dastlab ishni kosibchilik shaklida boshlagan tadbirkor oxirgi to‘rt yilda kichik binoda faoliyat yuritar edi. O‘tgan yili tadbirkor o‘z mablag‘i hisobidan 8 million dollarlik yangi korxona tashkil etdi. Kelajakni inobatga olib, majmua 4 qavatli qilib qurilgan.

 

Prezident Shavkat Mirziyoyev mazkur korxona faoliyati bilan tanishdi.

 

Uskunalar Turkiya va Xitoydan olib kelingan. Ishlab chiqarishga turkiyalik dizayner va texnologlar jalb qilingan.

 

Birinchi bosqichda 60 xil poyabzal va charm mahsulotlari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan. Hozir bu yerda 500 kishi mehnat qilmoqda. Ikkinchi bosqichda yana shuncha ish o‘rni tashkil etiladi.

 

 

Korxonaning asosiy mo‘ljali eksport. Joriy yilda bu ko‘rsatkichni 4 million dollarga yetkazish rejalashtirilgan. Tadbirkor Yevropa bozoriga chiqmoqchi ekanini aytdi. Davlat rahbari bu bo‘yicha mutasaddilarga ko‘rsatma berdi.

 

- Charm sanoati ham drayverga aylanyapti, korxonalar ko‘payyapti, - dedi Shavkat Mirziyoyev. - Endi ularga kafolatlangan xomashyoni ta’minlab berish kerak. Ikkinchidan, kasanachilik asosida uyda o‘tirgan ayollarni ham jalb qilish zarur. Umuman, bunday ilg‘or korxonalarning rivojlanishiga ko‘mak berib, klasterga aylantirish mumkin.

 

Mutasaddilarga ilmiy institutlarga buyurtma berib, import bo‘layotgan xomashyo materiallarini mahalliylashtirish bo‘yicha topshiriq berildi.

 

Davlat rahbari korxonada ishlayotgan xotin-qizlar bilan suhbatlashdi.

 

- Bugun Andijonga tadbirkorlikni kengaytirish, barqaror energiya manbalari yaratish, odamlarning daromadini oshirish uchun keldik. Oyliklaringiz qachon oshadi? Chiqarilayotgan mahsulotning bozori chaqqon bo‘lsa. Buning uchun sifat, bilim, malaka kerak. Shu bois xotin-qizlarimizning kasb egallashiga alohida e’tibor qilyapmiz. Ona rozi bo‘lsa, oila ham, jamiyat ham rozi bo‘ladi, - dedi Prezident.

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//