Siyosat
Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Istanbul yaqinidagi Demokratiya va erkinlik orolida oʻtayotgan Turkiy kengash sammitida nutq soʻzladi.
«Umumiy til va mushtarak qadriyatlar birligi asosida shakllangan Kengashimiz doirasida bugungi kunda siyosiy, savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, transport-logistika va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlik jadal rivojlanmoqda.
Ogʻir pandemiya davrida ham biz sherikligimizni kengaytirishga, bir-birimizga yordam berib, aloqalarimizni muntazam rivojlantirishga intilib kelmoqdamiz.
Aminmanki, bugun qabul qilinayotgan qarorga binoan Turkiy Kengash nomi “Turkiy davlatlar tashkiloti” deb oʻzgartirilishi hamkorligimizni yanada rivojlantirish uchun mustahkam zamin yaratadi», dedi Oʻzbekiston rahbari.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Turkiy kengash davlatlarining hamkorlik borasida hali ishga solinmagan ulkan imkoniyatlaridan toʻlaqonli foydalanishga chaqirdi.
Shu munosabat bilan Prezidentimiz qator takliflarni ilgari surdi:
- Tashkilot doirasida savdo aloqalarini kengaytirish uchun qulay va jozibador sharoitlarni yaratish;
- uchinchi davlatlardan kirib kelayotgan mahsulotlarni Tashkilotga aʼzo mamlakatlarda ishlab chiqarish mumkin boʻlgan tovarlar hisobidan qoplash;
- Turkiy davlatlar savdo hamkorligi boʻyicha tadqiqot markazini tashkil etish;
- Turkiy davlatlar tashkilotining transport sohasidagi oʻzaro bogʻliqlik dasturini ishlab chiqish;
- davlatlarimizdagi ixtisoslashgan tashkilotlar negizida «Injiniring va texnologiyalar markazlari»ni tashkil etish;
- kelgusi yili Oʻzbekistonda “Turkiy davlatlar sanoat haftaligi”ni oʻtkazish.
Bundan tashqari, davlatimiz rahbari raqamlashtirish, ekologiya, madaniyat va yoshlar masalalari borasida ham muhim tashabbuslarni ilgari surdi:
- “aqlli shahar”larni barpo etish boʻyicha tajriba almashish
va innovatsiyalarni transfer qilish maqsadida ekspertlar va IT-mutaxassislar uchun doimiy platforma yaratish;
- Birlashgan Millatlar Tashkiloti bilan hamkorlikda Turkiy mamlakatlarning atrof-muhit muhofazasi boʻyicha
tuzilmasini tuzish;
- “Turkiy dunyo turizmi” va “Tabarruk ziyorat” sayyohlik loyihalarini amalga oshirish, hunarmandchilik koʻrgazmalari va etnosport musobaqalarini oʻtkazish, madaniy meros obyektlarini saqlash, restavratsiya qilish va boshqa yoʻnalishlarni qamrab olgan “Yoʻl xaritasi”ni birgalikda ishlab chiqish;
- Turkiy tilli davlatlarning tarixiy, ilmiy va madaniy merosini oʻrganish tadqiqot markazini tashkil etish;
- 2022-yilni Turkiy dunyoda “Yoshlar tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash yili” deb eʼlon qilish.
«Afgʻonistondagi hozirgi murakkab vaziyat barchamizning eʼtiborimiz markazida turibdi.
Ushbu mamlakatning gumanitar inqirozga tushib, xalqaro maydonda yakkalanib qolishiga, uning terrorchilar makoniga aylanishiga yoʻl qoʻymaslik nihoyatda dolzarbdir.
Afgʻonistonning yangi Hukumati bilan muloqotlarda yondashuvlarimiz umumiy va yakdil boʻlishi lozim», - dedi Prezident Shavkat Mirziyoyev.
Soʻzini yakunlar ekan, davlatimiz rahbari bugungi uchrashuv va erishilgan kelishuvlarning amalga oshirilishi qardosh xalqlarimizning umumiy farovonligi va ravnaqiga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.
Prezidentimiz hamkasblarini yangi nom olgan Turkiy davlatlar tashkilotining birinchi sammitini oʻtkazish uchun kelgusi yil Oʻzbekistonga tashrif buyurishga taklif etdi.
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Ilm-fan
Jamiyat
Sport
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q