Andijon shahar hokimi muammosini aytgan fuqaroni haqorat qildi. Viloyat hokimligi holatga munosabat bildirdi

Saqlash
14:12 / 12.11.2021 979 0

Ijtimoiy tarmoqlarda Andijon shahar hokimi Bahromjon Haydarov telefon muloqoti paytida fuqaroni nomaqbul soʻzlar bilan obroʻsizlantirib, haqoratlagani aks etgan audioyozuv tarqaldi. Andijon viloyati hokimligi matbuot xizmati holatga rasmiy munosabat bildirdi.

 

Maʼlum boʻlishicha, audioyozuvda Andijon shahar hokimi va oʻzini Omadjon deya tanishtirgan fuqaro oʻrtasida oʻzaro tortishuv yuzaga kelgani va shahar hokimi fuqaroga nisbatan uni hadeb bezovta qilmasligini aytib, haqoratlagani, fuqaro tomonidan esa ijara haqqi va uyini tiklab berish taʼkidlangani haqidagi suhbat mavjud boʻlgan.

 

Qayd etilishicha, holat yuzasidan viloyat hokimligi tomonidan ishchi guruh tuzilib, holat yuzasidan dastlabki oʻrganish ishlari amalga oshirilgan. Oʻrganish ishlari davomida tarqalgan audioyozuv haqiqatan ham Andijon shahar hokimi Bahromjon Haydarovga tegishli ekani oʻz tasdigʻini topgan.

 

Shuningdek, fuqaro tomonidan aytilayotgan ijara haqqi va uyini tiklash toʻgʻrisidagi holat yuzasidan oʻrganishlar davomida fuqaro O.N. istiqomat qiladigan Alisher Navoiy shohkoʻchasi 57-sonli ikki qavatli uyi snosga tushgani, hozirgi kunda «Sulton xaus» MCHJ qurilish firmasi tomonidan shu joyga koʻp qavatli uy-joy majmuasini qurish ishlari olib borilayotgani sababli fuqaro O.N. ijaraga chiqarilib, unga ijara pullari doimiy ravishda toʻlab kelinayotgani maʼlum boʻlgan.

 

Taʼkidlanishicha, fuqaro Andijon shahar hokimiga doimiy ravishda, tunu kun telefon qongʻiroqlarini amalga oshirib, 2 xonali 52 kvadrat metrdan iborat boʻlgan uyi oʻrniga «Sulton xaus» MCHJdan, shahar markazidan 400 kvadrat metrli uy-joy va Gentra avtomobili undirib berishini soʻrab, shahar hokimini doimiy obroʻsizlantirib kelgan.

 

Oʻrganish davomida O.N.ning ushbu xonadonga nisbatan uy-joyga boʻlgan egalik huquqi mavjud emasligi maʼlum boʻlgan. Aslida esa uy-joy onasining nomida ekani va qurilish firmasi hamda O.N.ning onasi oʻrtasida yangi qurilayotgan uy-joydan xonadon ajratib berish boʻyicha kelishuvga erishilgan.

 

Xabarga koʻra, hozirda fuqaroning onasiga ijara uchun toʻlanishi kerak boʻlgan pul toʻlaligicha toʻlab berilgan.

 

Shuningdek, Andijon shahar hokimining fuqaro bilan muloqoti davomida ishlatgan haqoratli soʻzlari uchun Andijon viloyati hokimligi tomonidan alohida huquqiy baho berilishini maʼlum qilingan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//