Jamiyat
Ijtimoiy tarmoqlarda Samarqanddagi bolalar shifoxonasida Dok-1MAKS preparati sabab 15 nafar bola vafot etgani haqida maʼlumot tarqaldi.
Oliy Majlisning Bola huquqlari boʻyicha vakili Aliya Yunusova Samarqandga borib, bolalar shifoxonasida Dok-1MAKS preparati sabab bolalar vafot etgani holati boʻyicha tekshiruv oʻtkazdi. Tekshiruvlarda aniqlanishicha, ushbu dori vositasi qabul qilgan 18 nafar bola vafot etgan.
“Oʻrganishlar koʻrsatmoqdaki, viloyat bolalar koʻp tarmoqli tibbiyot markazida sentabr-dekabr oylarida 21 nafar bemor oʻtkir buyrak zararlanishi bilan tekshirilgan, davolangan. Bemorlar Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy hamda Samarqand viloyatidan boʻlgan, 3 nafar bemor sogʻlomlashtirilib uyiga javob berilgan va 18 nafari vafot etgan. Bemorlarning barchasi 6 yoshgacha boʻlgan bolalar. Ularning 15 nafari 3 yoshgacha boʻlgan bolalar”, — deyiladi Ombudsman matbuot xizmati xabarida.
Bemorlarning yaqinlaridan ularning kasallanish sabablari surishtirilganda ularda shamollash alomatlari boʻlganligi va davolash maqsadida Dok-1MAKS preparati qabul qilganidan soʻng ahvoli ogʻirlashgani bayon qilingan.
Taʼkidlanishicha, Dok-1MAKS preparatining har 10 mlda paratsetamol — 500 mg, gvayfenezin — 200 mg, fenilefrina gidroxlorid — 10 mg mavjud. Mutaxassislar Dok-1MAKS preparati qoʻllanilishi koʻrsatmasida preparatni 2 yoshdan qoʻllash mumkinligi koʻrsatilganligi, lekin shunday tarkibli boshqa kompaniyalar preparatlari asosan 12 yoshdan keyin qoʻllashga ruxsat berilganini taʼkidlagan.
Oʻzbekiston Respublikasining “Fuqarolar sogʻligʻini saqlash toʻgʻrisida”gi qonunining 40-moddasida patologik-anatomik tadqiqotlar sogʻliqni saqlash muassasalarida odam hayotligida hamda oʻlganidan soʻng tashxis qoʻyish (biopsiya va autopsiya), shuningdek, klinik sharoitda tashxis qoʻyish va kasallikni davolash ishlarining toʻgʻri olib borilganligini nazorat qilish, oʻlim sabablari haqida aniq maʼlumotlar olish maqsadida oʻtkazilishi belgilangan.
Shu bilan birgalikda Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vazirining buyrugʻi bilan tasdiqlangan “Patologik-anatomik tadqiqotlar oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida”gi nizomga (22.02.2019-yil. roʻyxat raqami 3138) koʻra davolash-profilaktika muassasalarida vafot etgan shaxslarning oʻlim sabablarini aniqlash maqsadida patologik-anatomik tadqiqotlar oʻtkazish belgilangan, lekin vafot etgan bemorlarning birortasi ham patologik-anatomik tadqiqotdan oʻtkazilmagan.
“Hozirda Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan tuzilgan ishchi guruhi oʻz oʻrganishlarini davom ettirmoqda. Samarqand shahar prokuraturasi har bir oʻlim holati boʻyicha surishtiruv-tergov olib bormoqda. Bola huquqlari boʻyicha vakil Samarqand viloyati prokurori birinchi oʻrinbosaridan holat boʻyicha chuqur oʻrganish olib borishlarini va har bir holatda aybdorlar jazosiz qolmasligi, qonun ustuvorligi taʼminlanishi shartligini soʻradi. Bola huquqlari boʻyicha vakil tomonidan holat toʻliq nazoratga olindi”, — deyiladi Ombudsman xabarida.
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Ilm-fan
Jamiyat
Sport
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q