Shavkat Mirziyoyev: Xorijlik turistlarni tarixiy va madaniy boyliklarimiz bilan yanada kengroq tanishtirishimiz kerak

Saqlash
21:40 / 20.12.2022 1255 0

Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis va Oʻzbekiston xalqiga murojaatnomasida turizm va madaniy meros sohasiga ham toʻxtalib oʻtdi.

 

“Xorijiy turistlar sonini oshirish kerak. Xususan, birgina Samarqandning oʻziga tashrif buyuradigan turistlar sonini kamida toʻrt millionga yetkazish lozim”, — dedi Prezident.

 

Shavkat Mirziyoyev bu borada boshqa hududlarda ham qator islohotlar amalga oshirilishi lozimligini qayd etdi.

 

Shuningdek, davlat rahbari qadimiy va betakror tarixni, ayniqsa, gʻoyat ogʻir sharoitda ilm-maʼrifat, inson erkinligi, xalq ozodligi, Vatanga, milliy qadriyatlarga mehr va sadoqat gʻoyalarini dadil koʻtarib chiqqan jadid bobolarimiz faoliyatini yanada chuqur oʻrganishimiz lozimligini taʼkidladi.

 

Prezident murojaati davomida Fransiyaning Luvr muzeyida davom etayotgan koʻrgazmaning ahamiyatiga alohida toʻxtalib oʻtdi.

 

“Fransiyadagi mashhur Luvr muzeyida shu kunlarda davom etayotgan milliy koʻrgazma xalqimizning noyob tarixiy merosi, boy madaniyati va anʼanalariga xorijda qiziqish qanchalik yuqori ekanini koʻrsatmoqda.

 

Bunday betakror tarixiy va madaniy boyliklarimizni yoshlarimizga va xorijiy turistlarga yanada kengroq tanishtirish, muzeylarni zamon talablariga moslashtirish boʻyicha alohida dastur amalga oshiriladi”, — dedi Mirziyoyev.

 

Taʼkidlash kerak, Prezident Samarqand shahri dunyo taniydigan megapolisga, xalqaro turizm va biznes markaziga aylanganini alohida eʼtirof etdi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//