Davlat ulushi boʻlgan korxonalar soni kamida 3 barobar qisqartiriladi

Saqlash
15:26 / 09.11.2021 881 0

Prezident Shavkat Mirziyoyev 8-noyabr kuni davlat obyektlarini xususiylashtirish masalalari boʻyicha yigʻilish oʻtkazdi.

 

Iqtisodiyotda davlat ishtiroki kamaytirilib, xususiy tadbirkorlik rivojiga keng oʻrin berilmoqda. 2021-2022-yillarda davlat ulushi boʻlgan korxonalar sonini kamida 3 barobar qisqartirish rejalashtirilgan. Joriy yilda 4 trillion 500 milliard soʻmlik 619 ta davlat aktivi sotilgan.

 

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga kirishish marosimida Shavkat Mirziyoyev davlat korxonalarini transformatsiya qilish va xususiylashtirish jarayonlarini tezlashtirish iqtisodiyotni isloh etishning ustuvor vazifalaridan biri boʻlishini aytgan edi.

 

Yigʻilishda shu borada amalga oshirilishi lozim boʻlgan chora-tadbirlar muhokama qilindi.

 

Davlatimiz rahbari xususiylashtirishning yangi usullarini joriy etish va uning barcha bosqichlarida ochiq-oshkoralikni taʼminlash eng asosiy masala ekanini taʼkidladi.

 

Xususiylashtirilayotgan korxonalarning moliyaviy barqarorligi va investitsion jozibadorligini oshirish muhimligi qayd etildi. Shu maqsadda, nufuzli xorijiy konsultantlarni jalb qilgan holda, yirik tarmoq korxonalarini xususiylashtirish strategiyasini ishlab chiqish vazifasi qoʻyildi.

 

Shuningdek, strategik korxonalar boshqaruviga xalqaro malakaga ega menejerlarni jalb qilish zarurligi aytildi. Qiymati 10 million dollardan yuqori boʻlgan aktivlarni sotish jarayonida takliflarni qabul qilish va ularni baholash mustaqil xorijiy konsultant tomonidan amalga oshirilishi belgilandi.

 

Sohada kelgusi yilga moʻljallangan vazifalar ham koʻp. Jumladan, 32 ta yirik davlat aktivini sotish, “Oʻzsanoatqurilishbank”ni xususiylashtirish, davlat korxonalarining 368 ta nosohaviy va samarasiz aktivlarini savdoga chiqarish rejalashtirilgan. Hududlarda 770 ta aktiv sotishga tayyorlangan. Bular orqali byudjetga qariyb 10 trillion soʻm tushum taʼminlanishi koʻzda tutilgan. Mutasaddilarga shu boradagi ishlarni jadallashtirish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.

 

Prezidentimiz davlat korxonalariga strategik investorlarni jalb qilish, faqat mavjud quvvatlarni ishlatish bilan cheklanmasdan, korxonalar faoliyatini kengaytirish zarurligini taʼkidladi.

 

Misol uchun, “Navoiyazot” aksiyadorlik jamiyati negizida uchta alohida korxona tashkil etgan holda, “kimyo sanoati klasteri” faoliyati yoʻlga qoʻyilmoqda. Bu klaster infratuzilmasini boshqarish uchun tajribali xususiy operator jalb qilinadi.

 

Davlatimiz rahbari investorlar sarmoya kiritish bilan birga yangi loyihalar taklif qilishi, zamonaviy bilim va texnologiyalarni olib kelishi muhimligini taʼkidladi.

 

Mutasaddilarga, shularni inobatga olgan holda, 2022-yil uchun xususiylashtirish dasturini ishlab chiqish vazifasi qoʻyildi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//