Samarqanddagi muzeylarga 600 ga yaqin noyob qadimiy eksponatlar sotib olindi

Saqlash
17:17 / 05.12.2022 1232 0

Samarqand davlat muzey-qoʻriqxonasiga jami 600 ga yaqin tarixiy va badiiy qimmatga ega ashyolar xarid qilindi, deb xabar bermoqda Madaniy meros agentligi.

 

Qayd etilishicha, muassasaga ajratilgan 500 million soʻm mablagʻ hisobidan miloddan avvalgi II asr va milodiy XIV asrga taalluqli 41 dona bronza oyna kolleksiyasi, XI asrga tegishli, asosan Qoraxoniy Ibrohim ibn Nasrning 180 dona kumush tangalari kolleksiyasi, Chigʻatoy xonlari (Bayonqulixon va Tarmashirin)ning 236 dona dinor va dirhamlari, oʻndan ortiq rang-tasvir asarlari, tarixiy liboslar, kashta, fotoapparat, uy-roʻzgʻor buyumlari, ipak gilamlar, zargarlik mahsulotlari, jami 600 ga yaqin tarixiy va badiiy qimmatga ega ashyolar xarid qilingan.

 

“Shu yilning 27-may kuni qabul qilingan “Muzeylarda xizmatlar sohasini rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident qarorida 2022-yil 1-iyuldan boshlab aholidagi madaniy boyliklarni davlat muzeylari tomonidan qabul qilib olishni ragʻbatlantirish va ommalashtirishga qaratilgan “Milliy merosga mening hissam!” umumxalq aksiyasi tashkil etilishi va doimiy ravishda oʻtkazib borilishi belgilangan.

Mazkur aksiya doirasida har yili davlat muzeylariga madaniy boyliklarni, shu jumladan mustaqillik yillarida yaratilgan, yuksak badiiy qiymatga ega boʻlgan tasviriy va amaliy sanʼat asarlarini xarid qilish uchun Madaniy meros jamgʻarmasiga davlat budjetidan qoʻshimcha 3 milliard soʻm, hududlardagi tegishli davlat muzeylariga Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri budjetidan 500 million soʻmdan mablagʻ ajratib borilishi qayd etilgan”, — deyiladi xabarda.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//