Unutilgan sehrli toshdan zamonaviy texnologiyalargacha: Yomgʻir chaqirishning noodatiy usullari

Saqlash
14:26 / 06.11.2021 2199 0

Bir necha kundan buyon Oʻzbekistonning qator hududlarini qoplagan chang boʻronlari sabab aholi doimgidan koʻra koʻproq yomgʻir yogʻishini kutmoqda. Xoʻsh yomgʻir yogʻishi uchun nimalar qilish mumkin? Yomgʻirni chaqirib boʻladimi?

 

Maʼlumki, qadimdan qurgʻoqchilik pallalarida insoniyat tomonidan turli yoʻllar bilan yomgʻir “chaqirib” kelingan. Biroq bu kabi amallarning qay darajada samarali ekani bizga qorongʻu.

 

Misol uchun, xalqimiz asrlar davomida saqlanib kelgan “Sust xotin” marosimini oʻtkazish yomgʻir chaqirishiga ishongan. “Sust xotin” marosimi koʻproq Jizzax, Qashqadaryo, Surxondaryo, Namangan viloyatlarida oʻtkazilib, ayollar maxsus yasalgan qoʻgʻirchoqqa keksa ayolning kiyimini kiydirishgan. Uni bir ayol koʻtarib olgan va qolganlar uning orqasidan ergashib, qishloqdagi uylarga birma bir kirib chiqishgan. Ular har qaysi xonadonga kirganda “Sust xotin” qoʻshigʻini:

 

Sust xotin, sulton xotin,

 

Koʻlankasi maydon xotin

 

Sust xotinga ne kerak,

 

Sharros-sharros yomgʻir kerak.

 

...deb aytishib, qoʻgʻirchoqni ustidan suv sepishgan.

 

Ushbu marosim tabiat hodisalari bilan bogʻliq ruhiy olam toʻgʻrisidagi tasavvurlar natijasi boʻlib, hozirga qadar asliyatdan birmuncha oʻzgargan shaklda saqlanib qolgan.

 

Shuningdek, turkiy xalqlar ichida yomgʻir chaqiruvchi qadimiy tosh – Yada toshi haqida ham qator maʼlumotlar uchraydi. Ularga koʻra, Yada yoki Jada toshining paydo boʻlishi Nuh paygʻambar bilan bogʻlanadi. Ushbu toshda katta sehr bor deb ishonilgan. Yozilishicha, yada toshiga maxsus duo oʻqilib, suvga tashlansa yomgʻir va qor yogʻishi yuz bergan. Sharafiddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma” asarida yozilishicha, mashhur “Loy jangi”da Amir Temurning raqibi Ilyosxoʻja yengilishi mumkinligini bilib, shunday tosh yordamida «yadachi» (yomgʻir yogʻish) marosimini oʻtkazgan. Va ertasi kuni Amir Temur magʻlubiyatiga sabab boʻlgan yomgʻir yogʻgan.

 

Bunday marosimlarni odatda shomonlar amalga oshirib, oddiy odamlar qila olishmagan. Bugungi kunga kelib bu marosim deyarli unutilgan.

 

Islom dunyosida ham yomgʻir yogʻishini soʻrab qilinuvchi duolar hamda maxsus oʻqiladigan namoz ham bor. Bunday ibodat “Istisqo” namozi deb atalib, odatda, kutib turilgan suvning kelishi kechiksa oʻqiladi.

 

“Istisqo” namozi uch xil boʻladi.

 

Birinchisi, yolgʻiz yoki jamoat boʻlib duo qilish.

 

Ikkinchisi, namozdan keyin duo qilish.

 

Uchinchisi, ikki rakat namoz oʻqib, Juma xutbasiga oʻxshash ikki xutba aytib serobchilik soʻrash. Yomgʻir boʻlguncha qayta-qayta istisqo qilinaveradi.

 

Shu bilan birga bugungi kunda zamonaviy texnologiyalar rivojlanishi natijasida sunʼiy tarzda yomgʻir yogʻdirishga erishilmoqda. Bunday texnologiyalar, aslida oʻtgan asrda ikkinchi jahon urushidan soʻng qoʻllanila boshlangan. 1946-yilda taniqli kimyogar Bernard Vonnegut kumush yodidning suvning kristallanishiga taʼsirini aniqlaydi. Keyinchalik kumush yodidni bulutlarga sepishi natijasida yogʻingarchilik keltirib chiqara boshlaydi. Ammo bu usul anchayin zararli ham.

 

Bugungi kunda ham ushbu texnologiya mukammallashtirilib, dunyoning turli burchaklarida qurgʻoqchilik vaqtlarida yomgʻir yogʻdirish, yongʻinlarni oʻchirishda samarali foydalaniladi. Ayniqsa, bu borada Rossiya va Xitoy yetakchi boʻlib kelmoqda.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//