Toshkentdagi aholi gavjum hududlarda 170 ta mini-poliklinika ish boshlaydi

Saqlash
22:41 / 29.11.2022 1109 0

Prezidentning 25 aprelda qabul qilingan «Birlamchi tibbiy-sanitariya yordamini aholiga yaqinlashtirish va tibbiy xizmatlar samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qaroriga asosan Toshkent shahrining ko‘p qavatli uy joylashgan mahallalar hududida 170 ta mini-poliklinika — mahalla tibbiyot punkti tashkil etiladi, deya xabar bermoqda Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.

 

«Toshkent tajribasi» loyihasi doirasida Toshkent shahrining 12 ta tumanida 10 800 ta ko‘p qavatli uy joylashgan mahallalar hududida 170 ta mahalla tibbiyot punktini barpo etish va 540 ming nafar aholiga tibbiy xizmatni yaqinlashtirish maqsad qilingan.

 

Zarur dori-darmonlar, kerakli tibbiy buyumlar, jumladan, EKG va kislorod balloni kabi uskunalar bilan jihozlangan, ikkita koykali, soat 8:00 dan 20:00 gacha ishlovchi kunduzgi statsionarga ega kichik shifoxonada umumiy amaliyot shifokori va 2 nafar hamshira aholiga mobil tibbiy xizmat ko‘rsatadi.

 

«Mazkur loyihaga Yunusobod tumani tajribasi asos qilib olindi. Tumanning Sobirobod mahallasida o‘rnatilgan tibbiy konteynerda ish olib borayotgan mahalla tibbiyot punkti faoliyatini ko‘rib chiqdik. Aholi bu tashabbusdan minnatdor. Bu „mini-poliklinikada“ bitta tibbiy brigada faoliyat olib boryapti», — dedi Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Anvar Alimov.

 

Loyiha doirasida yil oxiriga qadar 40 ta konteyner jihozlanib poytaxtdagi 12 ta ko‘p tarmoqli poliklinika va 70 ta oilaviy poliklinika ixtiyoriga topshiriladi. Ular poytaxtning aholi gavjum bo‘lgan ko‘p qavatli uylari yoniga o‘rnatilishi mo‘ljallangan.

 

«Bunday mahalla tibbiyot punktlari dispanser nazoratida turgan qariyalar, homilador ayollar va bolalarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishda umumiy amaliyot shifokoriga katta yengillik beradi. Hamshiralarga shifokoroldi tibbiy ko‘riklar uchun qulaylik yaratadi. Aholini esa oddiy ko‘riklar uchun ham poliklinikaga qatnash ovoragarchiliklaridan xalos qiladi», — deyiladi xabarda.

 

Toshkent shahrida pilot tarzida amalga oshiriladigan loyiha olti oydan so‘ng, natijalari tahlil qilingan holda mamlakatning boshqa hududlariga tatbiq etiladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//