Jamiyat
Kechadan buyon yurtimizda mavsumga xos boʻlmagan chang-qumli boʻron hodisalari kuzatilmoqda. Gidrometeorologiya xizmati markazi prognoziga koʻra, bugun, yaʼni 5-noyabr kuni ham Toshkent shahrida shamol tezligi 5-10m/s, respublikamizning boshqa joylarida esa 7-12m/s darajasiga yetishi qayd etilgan.
Sogʻliqni saqlash vazirligi aholi uchun changli havoda harakatlanishga doir tavsiyalar berib oʻtdi.
«Bunday vaziyatda imkon qadar ochiq havoda yurmaslik zarur. Ayniqsa, bronxial astma, allergik rinit, allergik konyuktivit, tomoq qichishishi bilan kuzatiladigan yoʻtal, bronxit, bronxlar giperreaktivligi va boshqa nafas yoʻli surunkali kasalliklari bor insonlar tashqariga chiqmasliklari kerak. Chunki bunday havo tarkibida changlar bilan birga, oʻsimlik changchalari, zamburugʻ sporalari juda katta konsentratsiyada boʻladi. Shu bois xastaliklari bor kishilar shifokor maslahati bilan allergiyaga qarshi dori vositalari dozalarini oshirishlari lozim», deydi Respublika ilmiy ixtisoslashtirilgan allergologiya markazi direktori, tibbiyot fanlari doktori, professor Ilmira Razikova.
Shuningdek, nim taʼsir qiluvchi tuzli suv bilan tomoq va burunlarni chayish, xonalarni yopiq saqlash, xoʻl sochiqlarni xonalarga osish, kattaroq sigʻimli idishlarga suv solib qoʻyish zarur.
Ochiq havoda yurganda, albatta, tibbiy niqob taqib yurish va ularni har ikki soatda almashtirish shart. Yosh bolalar, homilador ayollar va yoshi katta insonlar ham bunday vaziyatda ehtiyotkor boʻlishlari tavsiya etiladi.
Shuningdek, agar yurtdoshlarimizda tashqi muhitdagi changlar tufayli nafas qisishi, burun bitishi, aksirish, burun oqishi, koʻzlarda qichishish va qizarish, tomoqda kuchli qichishish, qichishish bilan kuzatiladigan yoʻtal belgilari yuzaga kelsa, tezda allergolog shifokorga murojaat qilishlari lozim.
Maʼlumotlarga koʻra, 3-noyabr kuni “Tez yordam” xizmatiga boʻlgan jami chaqiriqlar soni 3433 tani tashkil etgan boʻlsa, 4-noyabrda bu koʻrsatkich 4082 taga yetgan. Shundan bevosita nafas siqishi bilan bogʻliq murojaatlar 678 tani tashkil etgan.
Eslatib oʻtamiz, bunday ob-havo sharoitida zarurat sezilganda, “103” xizmatiga qoʻngʻiroq qiling.
Siyosat
Jahon
Ilm-fan
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q