Samarqand sammitidan keyin norozilik bildirgan gidlar yuzasidan munosabat bildirildi

Saqlash
14:28 / 22.11.2022 964 0

Ijtimoiy tarmoqlarda 2022-yilning sentyabr oyida Samarqand shahrida boʻlib oʻtgan SHHT sammitida tarjimonlik qilgan gidlarga ikki oydan beri xizmat haqlari toʻlab berilmayotgani haqida xabarlar tarqaldi. Turizm va madaniy meros vazirligi bunga rasmiy munosabat bildirdi.

 

Qayd etilishicha, Samarqand sammitiga uchta toifadagi gidlar jalb qilinib, ular talabalar, Madaniy meros agentligida faoliyat olib boruvchi va mustaqil gidlardan iborat.

 

Birinchi toifada tadbirga Samarqand davlat universiteti, Ipak yoʻli xalqaro turizm va madaniy meros universiteti hamda Chet tillar universiteti talabalari koʻngilli (volontyor) sifatida jalb etilgan.

 

Ikkinchi toifaga kiruvchi Madaniy meros agentligida ishlovchi gidlarning faoliyat doirasidan va oylik ish haqi olishidan kelib chiqib, ularga qoʻshimcha toʻlovlar koʻzda tutilmagan.

 

Uchinchi toifa — mustaqil professional gidlarga esa 500 ming soʻmdan toʻlov amalga oshirilayotgani maʼlum qilingan.

 

Vazirlik munosabatida 2019-yil 2-dekabrdagi OʻRQ-585-sonli qonunning 3-moddasiga koʻra, volontyorlik faoliyati — jismoniy yoki yuridik shaxslarning manfaatlarini koʻzlab bepul asosda amalga oshiriladigan, erkin xohish-irodaga koʻra bajariladigan, ijtimoiy jihatdan yoʻnaltirilgan, jamoat uchun foydali boʻlgan ixtiyoriy faoliyat hisoblanishi va shu qonunning 5-moddasiga muvofiq, volontyorlik faoliyatining asosiy omillari volontyorlik faoliyati qonuniylik, insonparvarlik, tenglik, ixtiyoriylik, begʻarazlik prinsiplariga asoslanishi eslatib oʻtilgan.

 

Mustaqil gidlarga esa ular taqdim etgan maʼlumotlar hamda ularning toʻliqligiga asosan xizmat puli toʻlab berilayotgani aytilgan.

 

Tayyorgarlik bilan bogʻliq tegishli hujjatlarga koʻra, SHHT sammitida barcha gidlar 3 kun davomida transport, ovqatlanish va maxsus kiyim (erkaklarga — kostyum shim va poyafzal, ayollarga — toʻliq ust-bosh va tufli) bilan taʼminlangan.

 

Shuningdek, 21-noyabr kuni Samarqand viloyati hokimi oʻrinbosari Rustam Qobilov tomonidan Samarqand davlat chet tillar institutida tushuntirish ishlari olib borilgan. Unda talabalar “davlat rahbarlari ishtirokidagi xalqaro sammitda qatnashish ular uchun katta tajriba boʻlgani”, “tadbirdan oldin ularga tashkiliy jarayonlar bilan bogʻliq barcha zarur maʼlumotlar berilgani” va “ular hech qanday toʻlov kutmayotganliklari”ni bildirishgan.

 

«Bugun maqolada keltirilgan ayrim detallarni aniqlashtirish uchun sammit tadbirlarida qatnashgan Samarqand davlat chet tillar instituti oʻqituvchilari, magistrantlari va talabalari bilan uchrashdik. Institut talabalari tegishli sertifikatga ega boʻlmay turib, ushbu xalqaro tadbirda qatnashish va SHHT mamlakatlari prezidentlari bilan muloqot qilish va suratga tushish baxtiga muyassar boʻlganliklarining oʻziyoq ular uchun sharaf ekani va bu tadbir talabalar uchun muhim amaliyot boʻlganini taʼkidlashdi.

 

Qolaversa, xalqaro tadbir muvaffaqiyatli oʻtganligi va unda SamDCHTI jamoasi va talabalari faol ishtirok etganlari uchun ularga tashakkurnomalar berilgan», — deydi Qobilov.

 

“Shu oʻrinda qayd etish lozimki, Samarqand davlat universiteti, Ipak yoʻli xalqaro turizm va madaniy meros universiteti hamda Samarqand davlat chet tillar instituti talabalarining aksariyati oʻz tashabbusi bilan ushbu sammitda ishtirok etish istagini bildirganliklari va vatanparvarlik hissini namoyin etganliklari alohida tahsinga sazovordir”, deyiladi vazirlik axborot xizmati xabarida.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//