Oʻzbekistonda ayrim tadbirkorlarga soliq toʻlashni kechiktirish huquqi beriladi

Saqlash
22:31 / 04.11.2021 1006 0

“Mahalliy va xorijiy investorlar tomonidan soliqlarni toʻlashni kechiktirish mexanizmlarini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi Prezident qarori qabul qilindi.

 

Qarorga koʻra, 2022-yil 1-yanvardan tadbirkorlik subyektlariga (davlat ulushi 50 foizdan yuqori boʻlgan korxonalar, yer qaʼridan foydalanuvchilar va aksiz osti mahsulotlari ishlab chiqaruvchilar bundan mustasno) umumiy maydoni 1 000 kvadrat metrdan ortiq boʻlgan yer uchastkalari, bino va inshootlarga nisbatan mulk huquqini qoʻlga kiritganda mol-mulk soligʻi va yer soligʻi boʻyicha hisoblangan soliqlarni toʻlashni 6 oyga kechiktirish huquqi beriladi.

 

Bunda:

 

soliqlarni toʻlashni kechiktirish mulk huquqi davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan boshlab 3 oy muddat ichida davlat soliq xizmati organlarini xabardor qilgan va uning toʻlanishini taʼminlash (garov) talab etilmagan holda amalga oshiriladi;

 

soliqlarni toʻlashni kechiktirishning amal qilish muddati xabarnoma yuborilgan kundan boshlab hisoblanadi hamda uning tugagan sanasidan boshlab kechiktirilgan soliq summasi hisoblangan foizlar bilan birga teng ulushlarda bir yil davomida toʻlab beriladi. Soliq toʻlash muddatlarini oʻzgartirish imkoniyatini berishdan foydalanganlik uchun foizlar soliqlar kechiktirilgan sanadan boshlab Markaziy bank asosiy stavkasining 50 foizi miqdorida hisoblanadi;

 

yer uchastkasi, bino va inshootlar soliq toʻlovlarini kechiktirish muddati davomida sotilgan yoki ijaraga berilgan taqdirda, mol-mulk soligʻi va yer soligʻi boʻyicha kechiktirish muddati davomida hisoblangan soliq summasi toʻliq miqdorda undiriladi;

 

soliq qonunchiligini buzish xavfi yuqori boʻlgan soliq toʻlovchilar guruhiga kiritilgan tadbirkorlik subyektlariga soliqlarni toʻlashni kechiktirish taqdim etilmaydi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//