Siyosat
Registon maydonida Turkiy davlatlar tashkiloti Samarqand sammiti doirasida tashkilotga aʼzo va kuzatuvchi maqomidagi mamlakatlar Davlat Rahbarlari ishtirokida “Yashil makon” loyihasi doirasida koʻchat ekish tadbiri boʻlib oʻtdi.
Turkiy davlatlar tashkilotiga aʼzo boʻlgan Turkiya, Ozarbayjon, Qozogʻiston, Qirgʻiziston hamda kuzatuvchi maqomiga ega boʻlgan Vengriya va Turkmaniston davlatlari poytaxtlarida ham bir vaqtning oʻzida uyushtirilgan koʻchat ekish tadbirlari onlayn monitorda namoyish etildi. Prezident Shavkat Mirziyoyev Registon maydonida “Yashil makon” loyihasi doirasidagi koʻchat ekish marosimida nutq soʻzladi.
«Koʻhna Turon gavhari, Turkiy sivilizatsiya poytaxti boʻlmish azim Samarqand shahrida sizlarni yana bir bor qutlashdan mamnunman. Bugun biz Turkiy davlatlar tashkilotining ilk tarixiy sammitini oʻtkazdik, muhim qarorlar qabul qildik. Turkiy dunyo sivilizatsiyasining yangi davrini boshlab beradigan Samarqand deklaratsiyasini imzoladik.
Ayni vaqtda ne-ne tarixiy voqealarga guvoh boʻlgan muhtasham Registon maydonida turib, turkiy dunyo sivilizatsiyasining yangi bosqichiga ramziy maʼnoda qadam qoʻymoqdamiz.
Ulugʻ ajdodlarimizga xos boʻlgan azaliy anʼanalarni davom ettirgan holda, yana bir xayrli tashabbusni boshlamoqdamiz».
«Maʼlumki, Tashkilotimizga aʼzo va kuzatuvchi barcha davlatlar bugungi kunning eng dolzarb muammosi boʻlgan ekologiya masalalariga birinchi darajali ahamiyat berib, bu muhim vazifaga ona tabiatni asrash va barqaror taraqqiyotning kafolati sifatida qaramoqda.
Xususan, Oʻzbekistonda “Yashil makon” dasturi izchil amalga oshirilmoqda. Turkmanistonda barcha viloyatlar va poytaxt Ashxobodni yashil hududga aylantirishga qaratilgan uzoq muddatli Milliy oʻrmon dasturi samarali ishlayapti.
Qardosh Turkiyada esa har yili 11-noyabr – Milliy koʻchat ekish kuni sifatida keng nishonlanmoqda. Ozarbayjonda koʻp yillardan buyon “Yashil marafon” dasturi asosida koʻchat ekish tashabbuslari muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda.
Qozogʻistonda barcha hududlarni koʻkalamzorlashtirish boʻyicha besh yillik umummilliy dastur bajarilmoqda. Qirgʻiz Respublikasida 2022-yil “Togʻ ekotizimi va iqlim barqarorligi yili”, deb eʼlon qilindi hamda uning doirasida “Yashil meros” milliy kampaniyasi faol davom ettirilmoqda. Vengriya Hukumatining shaharlarni qoʻshimcha koʻkalamzorlashtirish boʻyicha olib borayotgan yirik dasturini chin dildan olqishlaymiz», dedi davlatimiz rahbari.
«Bu ishlarning barchasi turkiy xalqlar umumiy taraqqiyoti va farovonligi sari mushtarak intilishlarimizning yaqqol timsoli, desak, mubolagʻa boʻlmaydi. Biz bugun turkiy dunyo hurmatli yetakchilarining ushbu tabarruk zaminga oʻz qoʻllari bilan koʻchat ekayotganlarini yuksak qadrlaymiz.
Zero, bu nihollar – hayot daraxtlari, doʻstlik va oʻzaro ishonch, maʼnaviyat va kelajak bogʻlari boʻlib qad rostlaydi. Turkiy xalqlarimizda “yaxshidan bogʻ qoladi”, degan hikmatli soʻz bor.
Ishonchim komilki, bugun biz yaxshi niyatlar bilan yaratayotgan bogʻu rogʻlar samarasidan hozirgi va kelajak avlodlarimiz albatta bahramand boʻladi», — deya qayd etdi Shavkat Mirziyoyev.
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Ilm-fan
Jamiyat
Sport
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q