Turkiy davlatlar tashkiloti sammiti tadbirlari doirasida 6 ta koʻrgazma tashkil etildi

Saqlash
15:47 / 10.11.2022 1692 0

Oʻzbekiston Respublikasi Turizm va madaniy meros vazirligi hamda Madaniy meros agentligi tomonidan Turkiy davlatlar tashkilotining navbatdagi sammiti doirasida Samarqandda 6 ta koʻrgazma tashkil etildi. Bu haqida sammitda boʻlib turgan “Oyina.uz” muxbiri xabar bermoqda.

 

“Samarqand – doʻstlik va diniy bagʻrikenglik shahri” nomli koʻrgazmada Samarqand hududida qadim zamonlardan buyon amal qilib kelinayotgan turli dinlarga oid buyumlar namoyish etilmoqda. Shuningdek, ekspozitsiyada Shoahmad Shomahmudovlar oilasi misolida Ikkinchi jahon urushi yillarida oʻzbek xalqining insonparvarligiga oid eksponatlar oʻrin olgan. Samarqandning turli davrlardagi pochta otkritkalarga joylashgan boʻlimi esa kishida qiziqish uygʻotadi. Koʻrgazmada siz koʻp millatli Oʻzbekiston, xususan, Samarqand xalqlari hayotiga oid koʻplab qiziqarli narsalarni uchratishingiz mumkin.

 

 

341 ta eksponatdan iborat “Buyuk ipak yoʻli” nomli ekspozitsiya xalqimizning boy oʻtmishi, madaniyati va jahon mamlakatlari bilan oʻzaro hamkorlik aloqalarining tarixiga bagʻishlangan. Ekspozitsiyaning markazida ipak, ip va matolarning tabiiy manbai boʻlgan hayot daraxti – tut koʻrinishidagi kompozitsiya oʻrin olgan. Bu orqali ipak qurtidan mato olish, uning oʻziga xosliklari aks ettirilgan. Ekspozitsiya zallarida asosiy eʼtibor Oʻzbekiston sivilizatsiyasining antik davrida erishgan asosiy yutuqlari va ilk Oʻrta asrlarda Buyuk Ipak yoʻli orqali savdo madaniy aloqalarning rivojlanish bosqichi bilan madaniy aloqalarning uygʻunligi aks ettirilgan.

 

Oʻzbekiston ranglari (boʻyoqlari) koʻrgazmasidan I.V.Savitskiy nomidagi Davlat sanʼat muzeyi kolleksiyasi rasmlari oʻrin olgan. Unda 14 nafar rassomning Oʻzbekistonga bagʻishlangan 90 dan ortiq ijodiy asarlarini koʻrish mumkin.

 

“Vaqt saroblari” koʻrgazmasi insoniyat sivilizatsiyasining taraqqiyot bosqichlarini oʻzida aks ettirgan. Unda miloddan avvalgi ikkinchi asrda ishlangan qoʻl mehnati ashyolaridan boshlab, milodiy yigirmanchi asrgacha yasalgan 200 ga yaqin hunarmandchilik namunalari namoyish etilmoqda.

 

 

Turkiy xalqlar milliy liboslari koʻrgazmasida esa Oʻzbekiston, Turkiya, Qozogʻiston, Vengriya, Qirgʻiziston, Ozarbayjon, Turkmaniston mamlakatlarining milliy liboslarining oʻziga xosligi, milliy madaniyati, qadriyatlarini aks ettiruvchi kartinalar namoyish etilmoqda. Bu rasmlar oʻzbekistonlik yosh rassomlar tomonidan chizilgan. Koʻrgazma Samarqand City majmuasidagi Kongress hol binosida tashkil etilgan boʻlib, unda 20 dan ortiq asarlar namoyish etilmoqda.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//