Jamiyat
Korrupsiyaga qarshi kurash agentligi davlat xizmatchilariga berilishi mumkin boʻlgan sovgʻalar toʻgʻrisidagi hujjat loyihasini eʼlon qildi.
Davlat fuqarolik xizmatchilari tomonidan xizmat safarlari, xalqaro va boshqa rasmiy tadbirlar munosabati bilan olinishi mumkin boʻlgan sovgʻa qiymati boʻyicha quyidagi miqdor belgilanadi:
– Davlat fuqarolik xizmatining barcha siyosiy guruhi, daraja va lavozimdagi davlat fuqarolik xizmatchilari uchun – bazaviy hisoblash miqdorining 5 (besh) baravaridan (barcha soliqlar va yigʻimlarni hisobga olgan holda) koʻp boʻlmagan miqdorda.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining zaxira jamgʻarmasi hisobidan ketayotgan delegatsiya yoki alohida shaxslar bundan mustasno.
Davlat fuqarolik xizmatchilariga taqdim etilgan sovgʻa mehmon (mezbon) tomonning ramzlari va (yoki) logotipi tushirilgan esdalik sovgʻalar qiymati uchun miqdor belgilanmaydi va bunday sovgʻalar baholanmaydi. Bunday sovgʻalarni davlat fuqarolik xizmatchisi oʻz xohishiga koʻra tasarruf etadi.
Taqdim etilgan sovgʻaning miqdori belgilangan miqdordan oshgan taqdirda, belgilangan miqdordan oshgan qismi davlat fuqarolik xizmatchisi tomonidan davlat tashkilotiga toʻlash orqali sovgʻani tasarruf etishi mumkin.
Davlat fuqarolik xizmatchilari tomonidan xizmat safarlari, xalqaro va boshqa rasmiy tadbirlar munosabati bilan qabul qilinadigan sovgʻa:
– Oʻzbekiston Respublikasi qonunchilik hujjatlari va davlat organining ichki idoraviy hujjatlari talablariga muvofiq boʻlishi;
– ixtiyoriy, aniq bir sabab, voqea (hodisa) munosabati bilan qabul qilinishi va (yoki) taqdim etilishi hamda mazkur Nizomning 5-bandida belgilangan miqdordan oshmasligi va dabdaba (hashamat) predmeti boʻlmasligi;
– sovgʻani qabul qilish yoki taqdim etish natijasida biror bir tarafning shaxsiy manfaatdorligini, shuningdek manfaatlar toʻqnashuvi yoki korrupsiyaviy xavf-xatarlarning kelib chiqishiga olib kelmasligi, xususan, davlat fuqarolik xizmatchisi faoliyatida xolis qaror qabul qilishiga taʼsir koʻrsatadigan majburiyatni yuzaga keltirmasligi;
– sovgʻa xizmat safarlari, xalqaro va boshqa rasmiy tadbirlarda ochiq va oshkora qabul qilinishi va (yoki) taqdim etilishi, davlat organining obroʻ-eʼtibori (nufuzi)ga putur yetishiga olib kelmasligi;
– davlat fuqarolik xizmatchisi tomonidan taqdim etiladigan sovgʻa uning shaxsiy hisobidan amalga oshirilmasligi;
– sovgʻa berish tabrik nutqi bilan birga boʻlishi, unda sovgʻa berishga sabab boʻlgan voqea (hodisa) oʻzining aniq ifodasini topgan boʻlishi, shuningdek diplomatik protokol talablariga muvofiq boʻlishi lozim.
Davlat fuqarolik xizmatchisi tomonidan xizmat safarlari, xalqaro va boshqa rasmiy tadbirlarda sovgʻa taqdim etilishini talab qilish, soʻrash yoki sovgʻa berishga majburlashga yoʻl qoʻyilmaydi.
Xizmat safarlari, xalqaro va boshqa rasmiy tadbirlar munosabati bilan davlat fuqarolik xizmatchisi sovgʻani qabul qilishi natijasida manfaatlar toʻqnashuvi yoki korrupsiyaviy xavf-xatarlarning kelib chiqishiga olib kelmasligi, xususan, davlat fuqarolik xizmatchisi faoliyatida xolis qaror qabul qilishiga taʼsir koʻrsatadigan majburiyatni yuzaga keltirmasligi lozim.
Xizmat faoliyati yuzasidan sovgʻalarni taqdim etishda davlat organining belgilari yoki logotipi tushirilgan suvenir mahsuloti (shuningdek brendli mahsuloti) namunalari hamda Oʻzbekiston Respublikasi milliy ramzlari, xalq badiiy hunarmandchiligi va amaliy sanʼati buyumlari boʻlgan xizmat faoliyati yuzasidan sovgʻalarga ustuvorlik beriladi.
Davlat fuqarolik xizmatchisiga naqd yoki naqdsiz pul, qimmatli qogʻozlar, kripto valyuta, barcha turdagi oʻqotar va sovuq qurollar, oʻq-dorilar, giyohvandlik vositalari, ularning analoglari, psixotrop moddalar, kuchli taʼsir etuvchi preparatlar, pornografik va diniy ekstremistik xususiyatga ega boʻlgan nashr hamda materiallarni sovgʻa sifatida qabul qilish yoki taqdim etish taqiqlanadi.
Davlat fuqarolik xizmatchisiga taqdim etilgan gullar, oziq-ovqatlar (konditer mahsulotlari va b.), tashkilotlarning kanselyariya toʻplamlari (kalendarlar, bukletlar, ruchka, bloknotlar) sovgʻa deb qabul qilinmaydi va rasmiylashtirilmaydi.
Xizmat safarlari, xalqaro va boshqa rasmiy tadbirlar munosabati bilan xalqaro delegatsiya rahbariga taqdim etilgan sovgʻa qiymatidan qatʼi nazar davlat organi tasarrufiga oʻtkaziladi.
Bunda taqdim etilgan sovgʻalar baholanmaydi va davlat fuqarolik xizmatchisi tasarrufiga oʻtkazilmaydi.
Siyosat
Siyosat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Siyosat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q