Oʻzbekiston iqtisodiyoti juda qiyin bosqichda – Moliya vaziri

Saqlash
15:19 / 04.11.2022 2348 0

Bugungi global iqtisodiy inqiroz Oʻzbekiston uchun ham murakkab kechmoqda. Bu haqda Samarqandda boʻlib oʻtayotgan iqtisodiy forumda moliya vaziri Timur Ishmetov aytib oʻtdi.

 

Timur Ishmetovning taʼkidlashicha, hozirda eng muhim vazifa inflyatsiya darajasini ushlab turish va davlat xarajatlarini kamaytirishdan iborat.

 

Inqiroz boshlanganda biz juda ham yaxshi tashxis qila olmadik. Covid paytidagidek davom etadi deb oʻyladik. Koʻrdikki, muammolarni yechish uchun tizimli islohotlarni davom ettirish kerak. 3-4 yil ilgari eʼtiborni kreditlarni olishga qaratdik va bunga sharoit yaratdik. Bizda katta qarz yoʻq edi. Hozir yangi bosqichdamiz. Koʻryapmizki, Oʻzbekiston iqtisodiyoti juda qiyin bosqichda. Yaʼni foiz va stavkalar oshmoqda, kredit olish qimmatlashmoqda. Bizda moliyaviy bufer cheklandi. Endi eʼtiborimizni xususiy investitsiyalarga qaratishimiz kerak va buni boshladik. Iqtisodiyotda nafaqat davlat, balki xususiy kapitallarga ham tayanish yaxshi samara beradi.
 

Bu yil byudjet defitsiti 4 foiz atrofida boʻladi. Keyingi yil uchun dilemma oldida turibmiz. Moliyaviy taqchillikni 3 foizda ushlab qolish uchun juda koʻp bosim kuzatilmoqda.

 

Hozir biz uchun inflyatsiya darajasini ushlab turish ustuvor masala boʻlishi kerak. Kelajakda ijobiy natijaga erishish uchun shunday qilishga majburmiz. Biz infratuzilmalarni davlat byudjeti hisobiga moliyalashtira olmay qolamiz. Byudjet taqchilligini kamaytirish uchun xususiy sektorga, xususiy investitsiyalarga eʼtiborni kuchaytiryapmiz. Asosiysi, Markaziy bankni qoʻllab-quvvatlash zarur. Barcha xarajatlarimizni kamaytirishimiz kerak.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//