Endi oʻzbekistonliklar Rossiyada ham haydovchilik guvohnomasini almashtirishi mumkin

Saqlash
22:14 / 03.11.2021 959 0

Hukumat qarori bilan Oʻzbekistonning Rossiyadagi konsullik muassasalarida Oʻzbekistonning eski namunadagi milliy haydovchilik guvohnomasini yangisiga almashtirish tartibi boʻyicha vaqtinchalik nizom tasdiqlandi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.

 

Unga koʻra, yangi namunadagi milliy haydovchilik guvohnomasi konsullik muassasasi orqali IIVning Yoʻl harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi (IIV YHXBB) tomonidan rasmiylashtiriladi.

 

Talabgor eski namunadagi milliy haydovchilik guvohnomasini yangisiga almashtirish uchun konsullik muassasasiga ariza bilan shaxsan murojaat qilishi mumkin.

 

Konsullik muassasasi talabgor nomidan soʻrovnomani toʻldirib, 1 ish kunida IIV YHXBBga yuboradi.

 

YHXBB taqdim etilgan maʼlumotnomani koʻrib chiqib, 1 ish kunida yangi namunadagi milliy haydovchilik guvohnomasini rasmiylashtiradi hamda uni Tashqi ishlar vazirligi Konsullik-huquqiy departamentiga (TIV KHD) yuboradi.

 

Shunga asosan, TIV KHD haydovchilik guvohnomasini konsullik muassasasiga diplomatik pochta orqali taqdim etadi.

 

Nizomga koʻra, konsullik muassasasi 1 ish kunida yangi namunadagi milliy haydovchilik guvohnomasini egasiga beradi yoki asoslangan sabablarga koʻra uni rad etadi.

 

Eski namunadagi milliy haydovchilik guvohnomasi yangisiga almashtirish uchun quyidagilar undiriladi:

BHMning 70 foizi miqdorida toʻlov;

20 AQSH dollari miqdorida konsullik yigʻimi;

20 AQSH dollari miqdorida haqiqiy xarajatlarning oʻrnini qoplash uchun yigʻim.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//