Saljuqiylar davri merosiga oid koʻrgazma tashkil etildi

Saqlash
17:10 / 31.10.2022 1880 0

Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi galereyasida Turkiya Respublikasi tashkil etilganligining 100-yilligiga bagʻishlab “Turkiya asri” loyihasi doirasida davlatning Oʻzbekistondagi elchixonasi hamda Saljuqli hokimligi tomonidan “Turkiylarning merosi. Fotosurat va chinni koʻrgazmasi” boʻlib oʻtdi. 

 

 

Unda qadimiy saljuqiylar davlatining 21 ta xududidagi muhim asarlarga oid 50 ta fotosurat va 21 ta chinni mahsulotlari namoyish etildi.

 

 

Tadbirda Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi raisi Akmal Nur, Turkiyaning Oʻzbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Olgan Bekar, Saljuqli hokimi Axmet Pekyatimchi va boshqalar soʻzga chiqdi.

 

– Koʻrgazmadagi fotosuratlar tarixiy qahramonlikka toʻla ulugʻvor turk xalqining madaniy va sanʼat qadriyatlarini oʻzida aks ettirgan. Ularning har biridan shonli tarix boʻy koʻrsatadi. Masalan, saljuqiylar davriga oid bezak va shakldan foydalanib yasalgan chinni mahsulotlari qadimiy noyob hunarmandlik namunalari hisoblanadi. Ular bugungi kunda dunyodagi eng mashhur muzeylarda nodir eksponatlar sifatida namoyish etilmoqda, – deydi Saljuqli hokimi Ahmed Pekyatimchi.

 

 

Tashkilotchilarning maʼlum qilishicha, koʻrgazmaning Oʻzbekistonda ochilishida ham oʻziga xos ramziy maʼno bor. Buyuk Saljuqiylar davriga oid qadimiy obidalar misolida ham oʻzbek va turk xalqining tarixiy yaqinligi, madaniy mushtarakligini koʻrish mumkin.  

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish