Siyosat
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 2-noyabr kuni aholini uy-joy bilan taʼminlash hamda yashil maydonlarni kengaytirish chora-tadbirlari muhokamasi yuzasidan videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi.
Yigʻilishda “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari ham koʻrib chiqildi. Bu loyiha doirasida yiliga 200 million tup daraxt va buta koʻchatlarini ekish, shu orqali shaharlardagi yashil maydonlarni hozirgi 8 foizdan 30 foizga oshirish rejalashtirilgan.
– Shuncha yillarda “qogʻozda” ekilgan daraxtlarni hisoblasa, Oʻzbekistonda boʻsh joy qolmasligi kerak edi. Tizim, qarov boʻlmagani uchun ekilganining ham koʻpi qurib ketdi. Bugungi va kelgusidagi ekologik vaziyatni inobatga olib, daraxt ekishni davlat siyosati darajasiga koʻtarayapmiz. Shuning uchun bu umummilliy loyihani puxta tayyorgarlik bilan, puli, egasi, sugʻorish tizimi bilan amalga oshirish kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Shu bois, birinchi navbatda, mavjud va yangidan barpo etiladigan yashil maydonlarga tuman yoki shahar hokimining qarori bilan masʼul belgilanadigan boʻldi. Ular daraxtlarni parvarishlash bilan birga, ushbu hududni obod saqlashga ham javob beradi.
Obodonlashtirish boʻlimlari maxsus texnika bilan taʼminlanadi, zarur joylarda sugʻorish tarmoqlari barpo etiladi. Ekologiya, daraxt ekish va parvarishlash masalalariga hokimlarning qurilish boʻyicha oʻrinbosarlari masʼul boʻladi.
Davlat rahbari ushbu savobli ishda har bir tashkilot, har bir fuqaro oʻz oʻrnini topishi kerakligini taʼkidladi.
Koʻp qavatli uylarga tutash hududlar uy-joy mulkdorlariga yashil maydonlar barpo etish uchun biriktiriladi va u yerda qurilish qilishga ruxsat berilmaydi. Muassasalar hovlisi, mahallalar, yoʻl va dala chetlariga daraxtlar ekiladi.
Yigʻilishda 10-dekabrga qadar daraxt ekish boʻyicha “dolzarb 40 kunlik” eʼlon qilindi.
Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasiga hokimlar bilan birga, har bir hududning iqlim sharoitiga mos koʻchatlarni koʻpaytirish va yetkazib berish vazifasi qoʻyildi. Buning uchun, qoʻmita huzurida “Yashil hudud” unitar korxonasi va har bir viloyatda uning filiallari tashkil etiladigan boʻldi.
Sohadagi ishlarda Ekologiya qoʻmitasining oʻrni taʼkidlanib, uning tuzilmasi, vakolat va vazifalarini qayta koʻrib chiqish zarurligi taʼkidlandi.
Yigʻilishda sugʻorish tizimini yangilash masalasiga alohida eʼtibor qaratildi. Hokimlarga irrigatsiya tarmoqlari qurish, quduqlar qazdirish va tomchilatib sugʻorish tizimini joriy etish boʻyicha topshiriqlar berildi.
Koʻchatchilikni rivojlantirish, kam suv talab qiladigan daraxt navlarini koʻpaytirish choralari ham belgilandi.
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Ilm-fan
Jamiyat
Sport
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q