Siyosat
27-oktabr kuni Ostona shahrida oʻtkazilayotgan birinchi “Markaziy Osiyo — Yevropa Ittifoqi” sammitida Oʻzbekiston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston va Yevropa kengashi prezidentlari hamda Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi raisining oʻrinbosari ishtirok etmoqda, deya xabar berdi Oʻzbekiston davlat rahbarining matbuot xizmati.
Prezident Shavkat Mirziyoyev oʻz nutqida Oʻzbekiston mazkur formatga amaliy hamkorlikni ilgari surish, ishonch, sheriklik va oʻzaro bogʻliqlikni mustahkamlash uchun zarur boʻlgan muhim muloqot maydoni sifatida qarashini taʼkidladi.
Davlat rahbari mintaqa va Yevropa Ittifoqi hamkorligining savdo-iqtisodiy yoʻnalishiga toʻxtalib, mamlakatlar “GSP+” imtiyozli savdo tizimiga qoʻshilganidan soʻng joriy yilning boshidan buyon yuqori qoʻshilgan qiymatli oʻzbek mahsulotlarining eksporti qariyb ikki barobar oshganini qayd etdi.
Biroq, umumiy raqamlar mavjud ulkan imkoniyatlarga mos emasligi taʼkidlanib, Yevropa bozorlarida tayyor, xomashyo boʻlmagan tovarlar nomenklaturasi bilan munosib raqobat qilish uchun:
– sanoat mahsulotlarining Yevropaning yuqori standartlari va texnik reglamentlariga muvofiqligini taʼminlash;
– YEI bozorlariga chiqish uchun eng maqbul samarali transport-logistika koridorlarini yaratish, eng avvalo, Transkaspiy multimodal marshrutini rivojlantirish;
– yevropalik isteʼmolchilar oʻrtasida Markaziy Osiyo mamlakatlari mahsulotlarining tanilishi va xaridorgir boʻlishi uchun qoʻshma marketing tadqiqotlari hamda maqsadli tadbir va aksiyalar oʻtkazish zarurligi koʻrsatib oʻtildi.
Shuningek, ushbu masalalarni tizimli ravishda hal qilish uchun prezident bosh vazir oʻrinbosarlari darajasida “Yevropa Ittifoqi — Markaziy Osiyo” Iqtisodiy hamkorlik qoʻmitasini taʼsis etishni taklif qildi.
Ushbu tuzilma faoliyati doirasida “Global darvoza” tashabbusining maqsad va vazifalarini qamrab olgan holda, savdo-iqtisodiy hamkorlikni chuqurlashtirish va oʻzaro transport-kommunikatsiya bogʻliqlikni rivojlantirish boʻyicha uzoq muddatli strategik dasturni ishlab chiqish maqsadga muvofiqligi taʼkidlandi.
“Oʻzbekiston Yevropa investitsiya bankining mintaqaviy ofisini ochish uchun eng qulay shart-sharoitlarni yaratishga tayyorligi bildirildi”, – deyiladi xabarda.
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Ilm-fan
Jamiyat
Sport
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q