Misrda sportchilarimiz oʻq otish sporti boʻyicha tarixiy natijani qayd etdi

Saqlash
22:21 / 26.10.2022 1266 0

Qohira shahrida oʻq otish sporti boʻyicha jahon chempionati (12-28-oktyabr) boʻlib oʻtmoqda.

 

Oʻzbekiston Respublikasining Misrdagi elchixonasidan xabar berilishicha, chempionatda 88 ta davlatdan 1000 nafardan ziyod sportchi medallar uchun bellashmoqda.

 

Xususan, musobaqada terma jamoamiz medallar va Parij-2024 Olimpiya yoʻllanmalari uchun 14-25-oktabr kunlari bahs olib borishdi.

 

Qohirada boʻlib oʻtgan 10 metrga pnevmatik miltiqdan oʻq otish boʻyicha bahslarda unutilmas natija qayd etildi. Unda erkaklar oʻrtasidagi jamoaviy bahsda qatnashgan yigitlarimiz Muhammad Kamolov, Veniamin Nikitin va Ilhombek Obidjonov kumush medalni qoʻlga kiritishdi.

 

Hamyurtlarimiz hal qiluvchi bahsda hindistonlik tengqurlariga qarshi bahs olib borishdi. Murosasiz kechgan bellashuvda Hindiston jamoasi gʻalaba qozondi.

 

“Elchixona vakillari terma jamoamiz aʼzolari Vadim Skorovarov, Muxtasar Tohirova, Muhammad Kamalov, Veniamin Nikitin, Vladimir Svechnikov, Ilhombek Obidjonov, Alina Tarasova, Nigina Saidqulova, Bonu Tilavberdiyeva bilan uchrashib, musobaqa davomida yurtimiz sharafini munosib himoya qilganlari uchun minnatdorlik bildirildi”, – deyilgan Tashqi ishlar vazirligining xabarida .

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//