Oʻzbekiston Milliy kutubxonasi 24/7 rejimida ishlashga oʻtadi

Saqlash
14:35 / 26.10.2022 1199 0

Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy kutubxonasi yaqin vaqt ichida haftasiga yetti kun, sutkasiga 24 soat ishlash rejimiga oʻtadi. Bu haqda Yoshlar ishlari agentligi direktori, senator Alisher Saʼdullayev maʼlum qildi.

 

“Soʻrovingizga koʻra, AOKA va Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy kutubxonasi rahbariyati bilan bogʻlandim. Kutubxona tez orada 24/7 ishlash rejimiga oʻtishini maʼlum qilishdi. Hozir vazirlik va idoralar bilan jarayonni rasmiy yoʻlga qoʻyish ishlari davom etmoqda”, – deb yozdi Saʼdullayev Twitterʻdagi sahifasida.

 

Senatorning qoʻshimcha qilishicha, “jarayon boshlangan, AOKA va Milliy kutubxona hamma ishlarni amalga oshirmoqda”. “Xodimlarning tungi ish vaqti, mehnat tartibi va maosh toʻlash masalasida ekan jarayon. Umid qilamizki, tez orada jarayonni yoʻlga qoʻyib yuborishadi”, – deya qoʻshimcha qilgan u.

 

Hozirda Milliy kutubxona ish kunlari 8:00 dan 21:00 ga qadar, dam olish (shanba va yakshanba) kunlari esa 9:00 dan 17:00 ga qadar kitobxonlarni qabul qiladi. Ayni vaqtda, “Nodir” noyob manbalar zali ish kunlari 9:00 dan 18:00 gacha faoliyat koʻrsatadi, dam olish kunlari esa ishlamaydi.

 

Milliy kutubxonaning ish vaqtiga doir munozaralar Twitter mikrobloglar xizmatining oʻzbek segmentida 22-oktyabr kuni boshlangan edi. Foydalanuvchi Miss Gatsby Twitterʻda Alisher Saʼdullayevga murojaat qilib, “kvartirada va yotoqxonada turadiganlar uchun yagona oʻqish joyi” boʻlgan Milliy kutubxonadan kitobxonlar dam olish kunlari soat 16:30 dan chiqarib yuborilishini, shu bois kutubxonani 24/7 rejimida ishlaydigan qilib berishni soʻragan edi.

 

Alisher Saʼdullayev bu murojaatni oʻz sahifasida qayta ulashib, boshqa foydalanuvchilarning bu boradagi fikrini soʻragan. Uning soʻroviga 150 ga yaqin javob qaytarilgan. Javoblarning aksariyatida foydalanuvchilar kutubxonaning 24/7 rejimida ishlashini olqishlagan, ish vaqtini hech boʻlmasa 23:00 ga uzaytirish ham samarali boʻlishi aytib oʻtilgan. Shuningdek, bir guruh foydalanuvchilar Milliy kutubxonaga kirib-chiqishni osonlashtirish zarurligini taʼkidlagan edi.

 

 

 

 

 

Ayni vaqtda, bir qator Twitter foydalanuvchilari bu kabi gap-soʻzlar birinchi marta aytilmayotganini eslatib oʻtgan.

 

 

Maʼlumot uchun, Oʻzbekiston Milliy kutubxonasining ish vaqtini 23:00 ga qadar uzaytirish masalasi koʻrib chiqilayotgani haqida muassasa rahbari Umida Teshaboyeva 2019-yil aprelida maʼlum qilgan edi. “Kechki vaqt ishlaydigan xodimlarga amaldagi qonunchilik boʻyicha ish haqi toʻlash masalasi oʻrganilmoqda. Milliy kutubxona 23:00 ga qadar ishlashi uchun fondni saqlash, xizmat koʻrsatish kabi boʻlimlarda 36 ta qoʻshimcha ish oʻrni yaratilishi talab etilar ekan. Bu masalalar ustida hozir ish olib borilmoqda”, – degandi u.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//