Sumkasida bomba borligi haqida yolgʻon maʼlumot bergan qiz 5 sutkaga qamaldi

Saqlash
21:41 / 25.10.2022 1201 0

Toshkent metropolitenining “Alisher Navoiy” bekatida 22-oktyabr kuni 19 yoshli qiz Metropolitenda xavfsizlikni taʼminlash boshqarmasi xodimi sumkasini tekshirayotgan paytda uning ichida bomba borligini aytgan. Bu haqda Transport va turizm obyektlarida xavfsizlikni taʼminlash boshqarmasi maʼlum qildi.

 

2003-yilda tugʻilgan qiz avtomatik oʻtkazish punktida oʻz xizmat vazifalarini bajarayotgan xodim tomonidan toʻxtatilgan. N.S. ismli qizdan Metropolitenda xavfsizlikni taʼminlash boshqarmasi xodimi sumkani koʻrsatishni soʻraganida qiz sumkasida bomba borligini aytgan.

 

Koʻrsatmaga koʻra, xodimlar zudlik bilan yaqin atrofdagi hududni oʻrab olgan va voqea haqida navbatchilik boʻlimiga xabar berilgan. Shundan soʻng, voqea joyiga Ichki ishlar vazirligi Maxsus operatsiyalarni muvofiqlashtirish boshqarmasi guruhi yetib kelgan. Qiz ham vaqtincha hibsga olingan.

 

Sumkani koʻzdan kechirish chogʻida undan portlovchi moslama topilmagan. Shundan soʻng dalolatnoma tuzilgan. Xodim qizdan nima uchun sumkasida bomba borligini aytganini soʻraganida N.S. uning kayfiyati yaxshi boʻlgani va shu tarzda hazil qilishga qaror qilganini aytgan. Qiz poytaxtning Shayxontohur tumani 3-ichki ishlar boʻlimiga olib ketilgan.

 

Metropolitenda xavfsizlikni taʼminlash boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari, podpolkovnik Xasan Xaydarovning “Gazeta.uz”ga maʼlum qilishicha, Toshkent shahar Jinoyat ishlari boʻyicha Shayxontohur tuman sudining qarori bilan N.S. Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 183-moddasi (Mayda bezorilik) va 199-moddasi (Maxsus xizmatlarni qasddan aldab chaqirish) bilan aybli deb topilib, unga nisbatan 5 sutka maʼmuriy qamoq jazosi hamda BHMning 1 barobari miqdorida jarima jazosi tayinlandi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//