Ilm-fan
Xabaringiz bor, Oʻzbekistonda “InnoWeek.Uz-2022» xalqaro innovatsion gʻoyalar haftaligi boʻlib oʻtdi. Xoʻsh unda qanday loyihalar ishtirok etdi? Oʻzbekistonda yoshlar tomonidan qanday innovatsiyalar yaratilmoqda? Shu kabi savollarga oyina.uz javob izladi hamda haftalikdagi innovatsiyalarning TOP 5 ligini tuzdi.
1. Avatar robot
Bu bir nechta oliygoh talabalari jamoasi tomonidan yaratilgan bahaybat robotdir. Jamoa aʼzosi Xushnud Mehmonovning qayd etishicha, robotni 2001-2002-yil talabalar yaratgan. Avval boshida robot prototipini tiklash uchun ham mablagʻlari mavjud boʻlmagan. Ularga bu ishda ustozlari koʻmak bergan.
«Biz bu robotni «Avatar» kinofilmidan ilhomlanib yaratdik. Siz koʻrib turgan robot hozircha prototip. Unga ustozlarimiz homiylik qildilar. Keyinchalik bunga investorlar topilsa, ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻymoqchimiz.
Undan harbiy sohada, shuningdek qurilishda ogʻir yuklarni koʻtarishda foydalansa boʻladi. U hozircha qoʻlini qimirlata oladi. Keyinchalik oyogʻini ham ishga tushirishni rejalashtirganmiz. Robotni ichiga odam kirib, uni boshqaradi», deydi u.
2. Oʻtda yonmas loyihalar
Toʻgʻri bu kabi mahsulotlar dunyoda allaqachon odatiy qurilish materiallari hisoblanadi. Ammo Oʻzbekistonda bu birinchilardan hisoblanadi. Eng asosiysi, loyiha aʼzosiga koʻra, u xorijdan keltirilgan alternativlariga nisbatan anchagina arzon boʻlishi kutilmoqda.
«Mahsulotimizni nomi WPS deb nomlanadi. Buni ishlab chiqarish uchun Koreyani “CelleFAB” kompaniyasi bilan hamkorlikda Toshkent viloyati Keles tumanida zavod qurildi. Mahsulotning sotuvi kelgusi yilning boshiga qadar yoʻlga qoʻyiladi.
Uning afzalligi shundaki, oʻtda yonmaydi, suv shimib olmaydi. Shu sababli ham mahsulotimizdan basseynlarda, binolarning tashqi fasadida, eshiklar yasashda ishlatilmoqda.
Kompozitsion materialimizni bu kabi holatga keltirish uchun gʻoʻzapoya va polimer aralashmasidan foydalaniladi. Shu sababli ham nisbatan hamyonbop boʻlishi kutilmoqda. Shuningdek bizda uylarning ichki devorlarida foydalaniladigan materiallar ham mavjud», dedi laborant Sadriddin Jamoliddinov.
Shuningdek haftalikda oʻtda yonmas gilam ham namoyish etildi. Allaqachon uni ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyilgan va xorijda oʻz xaridorlariga ega.
“Loyiha doirasida Xitoy va Turkiya davlatlaridan keltirilgan murakkab kombinatsiyali poliamid granulalaridan oʻtga chidamli, innovatsion, chidamli gilamlar ishlab chiqarilmoqda. Korxona mazkur gilamdan yiliga 5 million kvadrat metr ishlab chiqarib, Yevropaga va MDH davlatlariga eksport qilmoqda. Asosiy xaridorlar mehmonxonalar, bogʻchalar, yirik xizmat koʻrsatish markazlaridir. Yiliga oʻrtacha 20 million dollarlik mahsulot sotilmoqda”, dedi Urgut erkin iqtisodiy zonasi Investorlar bilan ishlash boʻlimi boshligʻi Mirjahon Yazdanov.
3. Yangi “asfalt”
Oʻzbekistondagi barcha plastmassa va paket chiqindisidan “asfalt” ishlab chiqarish rejalashtirilmoqda. Ushbu loyiha Yangi Oʻzbekiston universiteti 1-kurs talabalari tomonidan ishlab chiqilgan.
«Bu loyihani amalga oshirib, Oʻzbekistondagi barcha plastik va paketlar qayta ishlab, undan yer qoplamalari uchun material ishlab chiqarmoqchimiz.
Hisob-kitoblarga koʻra, 2030-yilga qadar Oʻzbekistonda ushbu turdagi chiqindilar miqdori hozirgidan 4 barobarga oshishi kutilmoqda. Loyiha yoʻlga qoʻyilsa, yurtimiz ekologiyasi va iqtisodiyotiga foyda keltiriladi», dedi Sultonbek Nazarbekov.
Talabalarning alohida qayd etishicha, talabalar tomonidan yaratilgan mazkur material bu oddiy asfaltdan 5 barobar mustahkam.
4. Qoʻy juni va tovuq patidan yem
Ha, toʻgʻri tushundingiz. Endilikda qoʻy va tovuqdan chiqadigan jun va patlar ham chiqindiga tashlab yuborilmaydi. Aksincha, ular ozuqa oʻrnida foydalaniladi. Eng qiziq tomoni, bunga qadar turli davlatlarda ushbu loyihani amalga oshirishga urinib koʻrilgan. Ammo yoqimsiz hid sabab yemga aylantira olishmagan. Ammo bu ishni qashqadaryolik tadbirkor amalga oshirdi.
«Biz pishirilgan yem ishlab chiqarish bilan shugʻullanmoqdamiz. Uni suvga solsa shishib, kattalashadi. Natijada 30 foizga natijadorligi oshadi.
Biz hozirda oʻz ustimizda ishlab, tajribalar oʻtkazib, ilmiy jihatdan oʻrganib qoʻy juni va tovuq patidan yuqori protoinli yem ishlab chiqarishni oʻylab topdik. Odatda jun va pat chiqitga tashlab yuboriladi. Hisoblab chiqqanimizda 1 yilda Oʻzbekistonda 20 ming tonna qoʻy juni va tovuq pati chiqitga tashlab yuboriladi. Biz uni tashlab yubormay yemga aylantirish texnologiyasini yaratdik.
Bizni texnologiyaga koʻra, endi bu yem hazm ham boʻladi, hidlari ham butunlay yoʻqoldi. Bu texnologiya Oʻzbekistonda ham, MDH davlatlarida ham mavjud emas», deydi korxona rahbari Bahodir Safarov.
5. Xonani isitadigan surat
Xalqaro haftalikda namoyish etilgan ushbu innovatsiya ham koʻpchilikni qiziqtiribdi qoʻydi. Ushbu suratda betakror kuz manzarasi aks etgan boʻlib, uyni 20 darajagacha isitishi mumkin. Kelgusida ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyilsa, xaridorlar oʻzlari istagan suratni buyurtma asosida isitishga moslashtirishi rejalashtirilmoqda.
Shahnoza TO'RAMURODOVA
OYINA.UZ
Siyosat
Siyosat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Siyosat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q