Turkiy davlatlar tashkiloti doirasida muftiylar Kengashi tashkil qilinadi

Saqlash
21:55 / 21.10.2022 1563 0

19-20-oktyabr kunlari Ozarboyjonning Boku va Shusha shaharlarida Turkiy davlatlar tashkiloti Muftiylar kengashining III-yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

 

Oʻzbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmatining maʼlum qilishicha, tadbirda Turkiy davlatlar tashkiloti Bosh kotibi Bagʻdod Amriyev, Turkiy davlatlar muftiylari, islomshunos olimlar, ekspert va diniy soha xodimlari qatnashgan. Oʻzbekiston nomidan muftiy Nuriddin Xoliqnazarov qatnashgan ushbu xalqaro tadbir doirasida “Turkiy davlatlar tashkiloti musulmon diniy tashkilotlarining rahbarlari kengashini tashkil qilish toʻgʻrisida”gi Nizom tasdiqlandi.

 

Marosimda soʻzga chiqqan Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin Xoliqnazarov ushbu Nizom turkiy xalqlar tinchligi va farovonligini mustahkamlash, mushtarak qadriyatlarni keng yoyish, oʻzaro tajriba almashish va turli sohalardagi aloqalarni yanada ravnaq toptirishga xizmat qilishini bildirdi.

 

Foto: muslim.uz

 

Shuningdek, Turkiy dunyoning diniy idoralari oʻrtasidagi aloqalarini mustahkamlash, global muammolarga birgalikda yechim topish va Islom dini sofligini asrash borasidagi imkoniyatlarni birlashtirish bugungi kunda juda ham muhim ekanligi taʼkidlandi.

 

Muftiy Nuriddin Xoliqnazarov Imom Moturidiy taʼlimotini chuqur tadqiq etish va keng yoyishga bagʻishlangan Turkiy davlatlar ulamolari Forumini 2023-yilda Oʻzbekistonning qadim Samarqand shahrida oʻtkazishni taklif qildi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//