Tog‘ chang‘isi bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi qishki Olimpiya o‘yinlari yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi

Saqlash
15:09 / 02.11.2021 1063 0

Mamlakatimizda qishki sport yo‘nalishlarini rivojlantirishga katta e’tibor qaratilayotgani sir emas. Bunga xokkey bo‘yicha birinchi O‘zbekiston chempionati, qolaversa, 18 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan havaskor sportchi yoshlar o‘rtasida ilk marotaba “Chimgan Challenge” qishki sport turlari bo‘yicha Yoshlar festivali o‘tkazilganini misol qilish mumkin.

Bundan bir oycha muqaddam yurtimiz tog‘ chang‘ichilarining Italiya, Avstriya va Rossiyada o‘quv-mashg‘ulot yig‘ini o‘tkazish va olimpiya tizimidagi musobaqalarda qatnashishi borasida yaratilgan sharoitlar samara berdi.

Tog‘ chang‘isi bo‘yicha mamlakatimiz terma jamoasi a’zosi Komiljon To‘xtayev slalom va ulkan slalom yo‘nalishlarida o‘tkazilgan saralash bahslarida jamg‘arilgan ochkolari hisobiga kelgusi yilning 8-20 fevral kunlari Pekinda o‘tadigan qishki Olimpiya o‘yinlari yo‘llanmasi sohibi bo‘ldi.

Ma’lumot uchun, mazkur qishki olimpiya o‘yinlarining reyting ballarini yig‘ish sportchilar uchun 2019 yil iyulida boshlangan. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, bu jarayon 2022 yilning 16 yanvarigacha davom etadi va Xalqaro olimpiya qo‘mitasi tomonidan ajratilgan kvotaga asosan vakillarimizda tog‘ chang‘isi bo‘yicha yana 1 ta yo‘llanmani qo‘lga kiritish imkoniyati mavjud.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//