Jamiyat
Margʻilon azaldan madaniyat, sanʼat, maʼrifat oʻchogʻi sifatida nom qozongan. Ayni kunlarda qadimiy va navqiron shaharda maʼnaviy-maʼrifiy sohadagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqishga muhim eʼtibor qaratilmoqda. “Uzumzor” mahalla fuqarolar yigʻinida tashkil etilgan yangi Maʼnaviyat va maʼrifat maskani ham shahar ahli uchun munosib tuhfa boʻldi.
Maskanning ochilishi katta shodiyonaga aylandi. Unda keng jamoatchilik vakillari, nuroniylar, targʻibotchilar, yoshlar ishtirok etdi.
Tadbirda Margʻilon shahar hokimi Adhamjon Ziyovuddinov, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi viloyat boʻlimi rahbari Maʼsudjon Sulaymonov davlatimiz rahbarining 2021-yil 26-martda qabul qilingan “Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori asosida tashkil etilgan Maʼnaviyat va maʼrifat maskani aholi, ayniqsa, yoshlar uchun katta imkoniyat boʻlganligini taʼkidlashdi.
29-umumtaʼlim maktabning boʻsh, foydalanilmasdan turgan uch qavatli binosi shahar hokimligi tomonidan qayta taʼmirlandi. 400 million soʻmga yaqin mablagʻ hisobiga maskan talablar asosida jihozlandi. Endilikda bu yerda turli tanlovlar, maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar, ijodiy uchrashuvlar, kitob taqdimotlari oʻtkazish mumkin. Ijodiy-madaniy masalalar boʻyicha targʻibotchilar, hunarmandlar uchun alohida xonalar ajratilgan. Toʻgaraklar faoliyati yoʻlga qoʻyilgan.
Besh mingdan ortiq kitob fondiga ega kutubxona margʻilonliklar ixtiyorida. Eʼtiborli jihati, bu yerda elektron kutubxona tashkil etilgan boʻlib, kitobxonlar viloyat axborot–kutubxonasi bilan bemalol bogʻlanishi, istagan kitobini topishlari mumkin. Yangidan ish boshlagan Maʼnaviyat va maʼrifat maskani aholining katta qismi, xususan, yoshlarimiz uchun kitobxonlik, kitob olami sari yangi imkoniyat eshiklarini ochadi.
Maʼlumot oʻrnida: soʻnggi ikki yil ichida Fargʻona viloyatida 9 ta hududlarda mana shunday zamonaviy Maʼnaviyat va maʼrifat maskanlari tashkil etildi.
Siyosat
Siyosat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Siyosat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q