Shavkat Mirziyoyev MDH Davlat rahbarlari kengashi majlisida ishtirok etdi

Saqlash
19:28 / 14.10.2022 1530 0

Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Mustaqil davlatlar tashkiloti Davlat rahbarlari kengashining majlisida ishtirok etdi.

 

Qozogʻiston prezidenti Qosim-Joʻmart Toʻqayev raisligida oʻtayotgan sammit ishida Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev, Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan, Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko, Qirgʻiziston prezidenti Sadir Japarov, Rossiya prezidenti Vladimir Putin, Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon, Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedov hamda MDH ijroiya qoʻmitasi raisi – ijrochi kotibi Sergey Lebedev qatnashdi.

 

Kun tartibiga muvofiq delegatsiyalar rahbarlari tashkilot doirasidagi koʻp tomonlama hamkorlikni rivojlantirish va bu borada erishilgan natijalar yuzasidan fikr almashdilar, siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalardagi aloqalarni yanada kengaytirish masalalarini koʻrib chiqdi.

 

 

Davlat rahbari oʻz nutqida MDH doirasidagi sheriklikni mustahkamlash muhim yoʻnalishlari yuzasidan oʻz nuqtayi-nazarini bayon qildi. Taʼkidlanganidek, jahondagi murakkab vaziyat, kuchayib borayotgan keskinlik va strategik mavhumlik barqaror taraqqiyot borasidagi saʼy-harakatlarni birlashtirish va MDH maydonidan maksimal darajada samarali foydalanishni taqozo etmoqda.

 

Hamdoʻstlik mamlakatlarida izchil iqtisodiy oʻsishga erishish muhimligi qayd etildi. Mavjud xatarlarga qaramasdan, MDH doirasida barcha yoʻnalishlar boʻyicha ijobiy oʻsish surʼatlarini taʼminlashga muvaffaq boʻlinayotgani taʼkidlandi. Oʻzbekistonning tashkilotga aʼzo davlatlar bilan tovar aylanmasi oʻtgan yil yakuniga koʻra 35 foizga oshdi, bu yil boshidan buyon esa yana uchdan birga oʻsdi.

 

Mashinasozlik, energetika, kimyo, farmatsevtika, toʻqimachilik va boshqa sohalarda kooperatsiya loyihalari muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. Soʻnggi oylarning oʻzida MDH mamlakatlaridagi sheriklar bilan 800 dan ortiq yangi korxona ishga tushirildi.

 

 

Shu bilan birga, oʻzaro savdodagi toʻsiqlarni tezkor bartaraf etish boʻyicha taʼsirchan choralar koʻrish zarurligi koʻrsatib oʻtildi. Davlat rahbari narx-navoning sunʼiy oʻsishiga yoʻl qoʻymaslik hamda inflyatsiyani jilovlash maqsadida MDH makonida oziq-ovqat mahsulotlari toʻsiqlarsiz yetkazib berilishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratish muhimligini qayd etdi.

 

Mamlakatlar transport tizimiga boʻlgan jiddiy tahdidlarni inobatga olgan holda, yangi logistika yoʻlaklarini hamkorlikda rivojlantirish gʻoyat muhim. Bu oʻrinda gap “Termiz – Mozori-Sharif – Kobul – Peshovar” hamda “Xitoy – Qirgʻiziston – Oʻzbekiston” temiryoʻllarini qurish loyihalari haqida bormoqda. Ular MDHni transqitʼaviy transport tashishlarning muhim zanjiriga aylantirishga koʻmaklashadi.

 

Oʻzaro innovatsion hamkorlik va yoshlar masalasida munosabatlarni kengaytirish maqsadida prezident kelgusi yilda Oʻzbekistonda MDH mamlakatlari yosh olimlarining “Yoshlar innovatsiya tarafdori” shiori ostidagi birinchi kongressini oʻtkazishni taklif qildi.

 

Oʻzbekiston taʼlim, fan, sogʻliqni saqlash, sport, madaniyat va sanʼat borasidagi qoʻshma loyihalar va dasturlar amalga oshirilishida yanada faol koʻmaklashish va ishtirok etishga tayyorligi taʼkidlandi.

 

2023-yilda Sankt-Peterburg shahrini MDHning madaniyat poytaxti deb eʼlon qilinishi toʻgʻrisidagi qaror koʻllab-quvvatlandi. 2024-yilda madaniyat poytaxti nomini olishga Samarqand nomzodi ilgari surildi. Bundan tashqari, davlat rahbari har yili shaxmat boʻyicha Hamdoʻstlik ochiq kubogini oʻtkazishni taklif qildi.

 

Soʻz yakunida Oʻzbekiston yetakchisi MDH ijroiya qoʻmitasi raisi – ijrochi kotibi Sergey Lebedevning vakolatlari navbatdagi muddatga uzaytirilishini maʼqulladi hamda Qirgʻiziston prezidenti Sadir Japarovga 2023-yilda tashkilotga raislik faoliyatida muvaffaqiyatlar tiladi.

 

Sammit natijalari boʻyicha koʻp tomonlama hamkorlik turli sohalariga oid qator muhim hujjatlar qabul qilindi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//