Har qanday Renessansni maʼrifatsiz yaratib boʻlmaydi – yangi davr olimlari ishtirokida ilmiy-amaliy konferensiya oʻtkazildi

Saqlash
22:35 / 13.10.2022 1754 0

“Har qanday Renessansni maʼrifatsiz yaratib boʻlmaydi. Uchinchi Renessansni yaratish uchun avvalo maʼrifatli jamiyatni barpo etishimiz zarur. Hali ochilmagan, oʻrganilmagan va biz bilmaydigan maʼnaviy merosimiz juda koʻp. Ularni oʻrganish uchun qadam tashlash davri keldi. Boshlangan ushbu anjuman miqyosida jamiyatimizdagi butun bir ziyolilar qatlami qamrab olinishi va ushbu yoʻlda olib borilgan yangi tadqiqotlar, yangi ilmiy ishlar, maqolalar va takliflar oʻrganilishi, muhokama qilinishi kerak” – bugun, 13 oktab kuni Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi huzuridagi Ijtimoiy-maʼnaviy tadqiqotlar instituti tomonidan “Maʼrifatli jamiyat qurish jarayonida Sharq mutafakkirlari ilmiy-maʼnaviy merosining ahamiyati” mavzusida oʻtkazilgan Respublika ilmiy-amaliy konferensiyasida ushbu fikrlar toʻgʻrisida soʻz bordi.

 

 

Konferensiyada Ijtimoiy-maʼnaviy tadqiqotlar instituti direktori Olimjon Davlatov Uchinchi Renessans poydevorini barpo etish jarayoni jamiyatimizda jadal kechayotgani, ilmiy faoliyati maʼnaviyat sohasiga bevosita daxldor boʻlgan olimlar ajdodlarimizning ilmiy-maʼnaviy merosini oʻrganish, bugungi kun va kelajak istiqboli uchun ahamiyati va oʻrni haqida ilmiy asoslangan takliflarni doimiy ravishda muhokama qilish zarurati mavjudligini taʼkidladi.

 

 

“Hozirgi jamiyatimizning umumiy maqsad-muddaosi “Milliy taklanishdan – milliy yuksalish sari” odimlashdir. Ammo, hamma ham oʻzining shaxsiy maqsad muddaosini mazkur umumiy maqsad-muddaoga uygʻunlashtira olmayapti. Natijada insonning maʼnaviy-axloqiy olamida tahdidbardoshlik immuniteti pasaymoqda” – deydi Ijtimoiy-maʼnaviy tadqiqotlar instituti boʻlim boshligʻi, falsafa fanlari nomzodi, dotsent Shavkat Toʻrayev.

 

 

Shuningdek, anjumanda soʻzga chiqqan maʼruzachilar tomonidan Uchinchi Renessans poydevorini qoʻyishda birinchi va ikkinchi Renessans davri allomalarining gʻoyalari, qarashlari va maʼnaviy dunyoqarashidan foydalanish lozimligi taʼkidlandi.

 

“Temur va temuriylar davridagi Renessans natijalari, maʼnaviy-maʼrifiy va madaniy yuksalish anʼanalari hozir ham oʻz ahamiyatini yoʻqotgani yoʻq. Ular xalqimizning Prezidentimiz tomonidan asoslab berilgan Uchinchi Renessans poydevorini barpo etish va yangi jamiyat qurish gʻoyasini amalga oshirishda ulkan maʼnaviy ozuqa vazifasini oʻtamoqda” – deydi falsafa fanlari doktori Qiyomiddin Nazarov.

 

 

Shuningdek, tarix fanlari doktori, professor Abduxalil Mavrulov: “Biz oʻtmish mutafakkir allomalarimiz yaratgan ilmiy-madaniy merosdan qay darajada gʻururlanayotgan boʻlsak, yana besh asrdan soʻng bizning avlodlarimiz bugungi kun yoshlari tomonidan kashf qilingan qaysi yutuqlaridan iftixor qiladilar”, degan masʼullik hissi bizni befarq qoldirmasligi kerak degan fikrni alohida taʼkidladi.

 

 

Qayd etilishicha, mazkur mavzuda Respublika ilmiy-amaliy konferensiyasiga 300 dan ortiq maqola kelib tushgan boʻlib, ularning orasidan eng mazmunli va tahliliy yozilgan 58 ta maqola saralanib alohida toʻplam holida nashr etildi. Konferensiyada “Eng yaxshi mazmunli maqola”, “Eng yaxshi tahliliy maqola”, “Eng dolzarb mavzudagi maqola” nominatsiyalari boʻyicha gʻoliblar aniqlanib, esdalik sovgʻalari bilan taqdirlanishdi.

 

 

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//