Oʻzbekistonda madaniy boyliklar oʻgʻrilarini 20 yilgacha qamash taklif qilinmoqda

Saqlash
17:10 / 07.10.2022 651 0

 

Madaniy, tarixiy, arxeologik qimmatga ega boʻlgan ashyolar va kolleksiyalarni qalbakilashtirish orqali talon-toroj qilish, ularni bojxona chegarasidan noqonuniy oʻtkazish bilan bogʻliq bir qator holatlarni Oʻzbekiston qonunchiligida jinoyat deb malakalash va unga tegishli tartibda jinoiy javobgarlik belgilash taklif qilinmoqda.

 

Jumladan, tegishli qonun loyihasi bilan Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat hamda Jinoyat-protsessual kodekslariga qoʻshimchalar kiritilmoqda.

 

Xususan, Jinoyat kodeksi 169-1,169-2 va 182-1-moddalar bilan toʻldirilmoqda.

 

Unga koʻra, 169-1-modda “Madaniy boyliklarni qonunga xilof ravishda egallash” holatiga huquqiy baho beradi va madaniy boyliklarni oʻgʻrilik yoki firibgarlik yoʻli bilan egallaganlik (1-qism) uchun besh yildan oʻn yilgacha ozodlikdan mahrum qilishni nazarda tutadi.

 

Shuningdek, «oʻsha harakat:

 

a) takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan;

 

b) bir guruh shaxslar tomonidan;

 

v) oʻzlashtirish, rastrata qilish yoxud mansab mavqeini suiisteʼmol qilish yoʻli bilan;

 

g) talonchilik yoʻli bilan;

 

d) tovlamachilik yoʻli bilan sodir etilgan boʻlsa, –

 

oʻn yildan oʻn besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

 

Oʻsha harakat:

 

a) bosqinchilik yoʻli bilan sodir etilgan boʻlsa;

 

b) uyushgan guruh tomonidan yoki uning manfaatlarini koʻzlab sodir etilgan boʻlsa;

 

v) ogʻir oqibatlarga olib kelgan boʻlsa, –

 

oʻn besh yildan yigirma yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

 

Ushbu moddaning birinchi va ikkinchi qismlarida nazarda tutilgan qilmishlarni sodir etgan shaxs oʻz ixtiyori bilan aybini boʻyniga olish toʻgʻrisida hokimiyat organlariga arz qilsa va madaniy boyliklarni topshirsa, ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo qoʻllanilmaydi.»

 

Jinoyat kodeksiga yangi taklif qilinayotgan 169-2-modda (Oʻzbekiston Respublikasi va xorijiy mamlakatlar xalqlarining madaniy boyliklarini Oʻzbekiston Respublikasi hududiga qaytarmaslik)ga koʻra esa Oʻzbekiston hududidan olib chiqib ketilgan Oʻzbekiston va xorijiy mamlakatlar xalqlarining madaniy boyliklarini belgilangan muddatlarda Oʻzbekistonga qaytarmaslik, agar bunday qaytarish qonunchilikka asosan majburiy hisoblansa, uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

 

Shuningdek, hujjat loyihasiga koʻra “qonunga xilof ravishda moddiy madaniy boyliklarni Oʻzbekiston Respublikasining bojxona chegarasidan oʻtkazish” (182-1-modda) besh yildan oʻn yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish