Toshkentda TITF-2022 doirasida taniqli blogerlar bilan uchrashuv oʻtkaziladi

Saqlash
15:10 / 06.10.2022 616 0

Yosh avlod nigohi bilan odamlarni musiqa, Oʻzbekistonning oʻrganilmagan joylari va qiziqarli sayohat shoulari, shuningdek, turizm sanoati yordamida sayohatga qay tarzda ilhomlantirish mumkin – bu haqda “Ipak yoʻlida turizm” (TITF-2022) Toshkent xalqaro turistik yarmarkasi doirasidagi Forumning “Media loyihalar – mamlakatning turistik tashrif qogʻozi” nomli birinchi sessiyasida media sanoatining tajribali mutaxassislari maʼlumot beradilar.

 

Yangi texnologiyalar, ijtimoiy tarmoqlar, jumladan, turli media-kontentlar bugun hayotimizning ajralmas qismiga aylangan. Va sayohat qilish maqsadida qiziqarli manzillarni izlash uchun biz tez-tez global tarmoqning turli ijtimoiy sahifalariga murojaat qilamiz. Zamonaviy mahalliy media-sanoat bizga Oʻzbekistonning turli hududlariga unutilmas sayohatlar qilishga undash uchun nimalarni taklif qilmoqda?

 

Sessiyaning birinchi maʼruzachisi – taniqli jurnalist, bloger va “Effekt Makarenko” Telegram kanalining muallifi, musiqachi va “Elektrooko” guruhining frontmeni Nikita Makarenko oʻz taqdimotida odamlarni musiqa va noyob videokontent yordamida sayohatga qanday ilhomlantirish mumkinligini aytib beradi.

 

2020-yil oxirida Toshkentning “Elektrooko” rok guruhi Oʻzbekiston shaharlari boʻylab keng koʻlamli mediatur uyushtirdi, Fargʻona, Samarqand, Buxoro, Nukus va Toshkentning turli diqqatga sazovor joylari fonida kliplar suratga oldi. Guruh harakatini “Elektrooko” sayohat davomida oʻzining YouTube akkauntida namoyish qilib borgan realiti-shou formatidagi qiziqarli vloglar yordamida kuzatish mumkin edi.

 

Sessiyaning navbatdagi maʼruzachisi “Premium STUFF” prodyuserlik markazi asoschisi Vadim Ivankov Uzbekistan Vibe – Turizm sanoati yosh avlod nigohida» noyob loyihasini taqdim etadi.

 

Yumor va vaynlar, dinamika va akrobatika yangi “Bu Uzbekistan Vibe” loyihasining asosiga aylanadi, unda iqtidorli boshlovchilar: blogerlar Timur Alixonov va Litoss taxallusi bilan global tarmoqda keng tanilgan Asal Sapparbayeva Oʻzbekistonimizni yangicha rakursda taqdim etadi.

 

Uchinchi maʼruzachi, “Venkon Communications” PR agentligi, shuningdek, “Lokatsii uzb” sayyohlik loyihasi asoschisi va rahbari Abror Ismoilov “Lokatsii Uzbekistana” mamlakatning oʻrganilmagan goʻshalarini targʻib qilish uchun oʻziga xos platformaga aylanishi haqida maʼlumot beradi hamda YouTubeʻda yangi sayohat shousini taqdim etadi.

 

Shuningdek, maʼruzachilar orasida “Bright Uzbekistan” media guruhi rahbari Davron Abdullayev guruh faoliyati va yangi media-loyihalar haqida soʻzlab beradi hamda xalqaro turizm sohasidagi ekspert Asel Smolyar ham raqamli medialar turizm mahsulotlarini muvaffaqiyatli va jozibador qilishi, turizmni rivojlantirishga izchil taʼsir koʻrsatishi va mamlakatning turizm salohiyatini ochib berishi haqida soʻzlaydi.

 

Biz barcha tafsilotlarni oshkor qilmaymiz, eng qiziqarlilarini seksiyada topasiz.

 

Roʻyxatdan oʻtish havolasi orqali amalga oshiriladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish