Sirdaryo viloyatini ishsizlik yoʻq hududga aylantirish boʻyicha tashabbus boshlandi

Saqlash
20:21 / 06.10.2022 718 0

Prezident Shavkat Mirziyoyev qishloq xoʻjaligidagi ishlar holati, aholi hayoti bilan tanishish maqsadida 6-oktyabr kuni Sirdaryo viloyatiga keldi.

 

Bu yil viloyatda 75 ming gektar maydonda paxta yetishtirildi. Ayni paytda qariyb 80 ming gektar yerga gʻalla ekilmoqda.

 

Davlatimiz rahbari Sirdaryo tumanidagi “Arslon bobo” va “Omonboy oʻgʻli Tugal” fermer xoʻjaliklari dalasini koʻzdan kechirdi.

 

“Arslon bobo” fermer xoʻjaligining yer maydoni 90 gektar boʻlib, bu yil gʻalladan 80 sentnerdan hosil olingan. Hozir paxta terimi avjida. Shuningdek, kartoshka, mosh, sabzi, piyoz kabi takroriy ekinlar ham yetishtirilib, bozorga qoʻshimcha mahsulot chiqarilmoqda.

 

“Omonboy oʻgʻli Tugal” fermer xoʻjaligi 62 gektarda dehqonchilik qiladi. Bu yerda ham gʻalla hosildorligi 80 sentner boʻlgan. Koʻsak soni va terimning borishiga qaraganda, paxtaning ham “choʻgʻi baland”.

 

Bu qoʻshni xoʻjaliklarda yerlar lazerli uskuna yordamida tekislangani natijasida suv avvalgiga nisbatan 30-40 foiz tejalmoqda, sugʻorish vaqti ham qisqargan. Nasoslar quyosh panellari quvvatida ishlaydi. “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida dala chetlariga tut, tok, qoratol va boshqa koʻchatlar ekilgan.

 

Prezidentimiz shu yerda sirdaryolik fermerlar, nuroniylar bilan suhbatlashdi.

 

- Xalqimiz “mehr koʻzda” deganidek, sizlar bilan koʻrishib, hormanglar deb keldim, - dedi Shavkat Mirziyoyev. - Adolatli hakam boʻlsa, aytish mumkinki, Sirdaryoda ham oʻzgarish boʻlyapti. Lekin zamon shunday shiddat bilan oʻtayaptiki, odamlarning niyatlari ilgarilab ketyapti. Shunga yarasha sharoit yaratish, xalqimiz talabini qondirish uchun yangi-yangi rejalar qilishimiz kerak. Bugun aziz Sirdaryo ahliga rahmat aytish bilan birga, erishilayotgan natijalar bardavom boʻlishi uchun, tumanlarning, odamlarning biri ikki boʻlishi uchun zarur yoʻnalishlarni belgilagani keldik.

 

Fermerlar qishloq xoʻjaligida imkoniyatlar kengayib, manfaatdorlik oshgani, majburiy mehnat tugatilgani, qoʻshimcha mahsulotlar yetishtirilayotganini aytishdi.

 

- Yer - xalqimiz rizq-roʻzi manbai. Bir paytlar paxta maydonidan bir gektar ajratish jinoyat edi, takroriy ekin ekkan taʼqib qilinardi. Mana, hozir 80 ming gektar paxta va gʻalla maydonlarini aholiga berdik, hali yana beramiz. Ulardan olingan mahsulot ham xalqimiznikiku. Bozorga mahsulot, oilalarga daromad boʻladiku. Bugun respublikadan kelgan rahbarlar va hokimlar yana 7,5 ming gektar yer ajratilsa, Sirdaryo viloyatida ishsizlikni yoʻq qilish boʻyicha taklif beryapti. Men buni, albatta, qoʻllab-quvvatladim, - dedi Prezident.

 

Davlatimiz rahbari shu yerda dehqonchilik qilayotgan yoshlar bilan ham suhbatlashdi. Ular mazkur fermer xoʻjaliklari dalasidan 0,5 gektardan yer olib, mosh, sabzi, piyoz, sarimsoqpiyoz yetishtirayotganini soʻzlab berishdi. Bundan olgan daromadi hisobidan universitetda oʻqish, uyini butlash rejalarini maʼlum qilishdi.

 

Prezidentimiz Sayxunobod tumanidagi “Shukronalik moʻjizalari” fermer xoʻjaligi dalasida ham boʻldi.

 

Xoʻjalikning umumiy yer maydoni 70 gektar. Joriy yilda 25 gektarga paxta, 45 gektarga gʻalla ekildi. Hosildorlik mehnatga yarasha – yuqori.

 

Mamlakatimizda qaysi mahsulot koʻproq daromad keltirsa, oʻshani ekishga eʼtibor ortayotgani ham qishloq xoʻjaligida yaxshi samara bermoqda. Bu fermer xoʻjaligi ham gʻalladan boʻshagan maydondan yaxshi daromad oladi. Xususan, bu yil 45 gektar maydonga takroriy ekin sifatida mosh ekilgan.

 

Shu yerda qishloq xoʻjaligi sohasi vakillari va mutasaddilari bilan muloqot boʻldi. Davlatimiz rahbari innovatsiya va nav evaziga hosildorlikni oshirish, suvdan oqilona foydalanish va hisobini yuritish zarurligini taʼkidladi. Fermer va ishchilarning maishiy sharoitlarini yaxshilash, xususan, ular uchun kichik, arzon uylar qurish boʻyicha koʻrsatma berildi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//