Jamiyat
Oʻz vazifasiga masʼuliyatsiz yondashgan Namangan viloyati Chortoq tumani tibbiyot birlashmasi rahbari lavozimidan ozod etildi. Bu haqida Sogʻliqni saqlash vazirligi maʼlum qildi.
Qayd etilishicha, SSV ishchi guruhi tomonidan Namangan viloyatida onalar va bolalar salomatligini taʼminlashga masʼul tibbiyot muassasalari faoliyati tanqidiy oʻrganilmoqda. Xususan, dastlabki tahlillarga koʻra, 50 oʻrinli Chortoq tuman tugʻuruq boʻlimida shu yilning oʻtgan 9 oyida 3700 nafardan ortiq homilador ayol farzandli boʻlgan. Muassasada joriy yil sentyabr oyiga qadar kuniga oʻrtacha 13 ta tugʻuruq amalga oshirilgan boʻlib, bu davr oraligʻida shifoxonaning ortiqcha yuklama bilan ishlashi deyarli kuzatilmagan.
Biroq sentyabr oyida kunlik tugʻilishlar soni oʻrtacha 20 taga ortib ketgani bois, shifoxonada oʻrin-joylar yetishmovchiligi yuzaga kelgan.
Ammo tuman tibbiyot birlashmasi rahbariyati tomonidan mazkur masalani hal etish boʻyicha oʻz vaqtida kerakli chora-tadbirlar koʻrilmagan. Oqibatda ushbu tugʻuruq boʻlimidagi palatalarda oʻrin-joylar sanitar-epidemiologik talablarga rioya etilmagan holda joylashtirilgan.
Yaʼni samarasiz ishlayotgan statsionar oʻrinlar hisobiga homilador ayollar uchun qoʻshimcha oʻrin-joylar yaratish imkoniyati mavjud boʻla turib, tuman tibbiyot birlashmasi rahbariyati mazkur muammoga sovuqqonlik bilan yondashgan.
Ana shularni inobatga olgan holda, ish faoliyatida jiddiy kamchiliklarga yoʻl qoʻygan Chortoq tuman tibbiyot birlashmasi rahbari vazifasini bajaruvchi Tohir Moʻminov egallab turgan lavozimidan ozod etilgan.
Oʻz navbatida, yuzaga kelgan muammoli vaziyatni tezkor bartaraf etish maqsadida tuman tibbiyot birlashmasidagi samarasiz ishlayotgan statsionar oʻrinlar hisobidan tugʻuruq boʻlimi uchun qoʻshimcha yana 20 ta, jami 70 ta oʻrin-joy ajratilgan.
Siyosat
Siyosat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Siyosat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q