Mirziyoyev Emomali Rahmonni yubiley yosh – 70 yoshga kirgani bilan tabrikladi

Saqlash
20:45 / 05.10.2022 814 0

Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Tojikiston prezidenti Emomali Rahmonga uning tugʻilgan kuni munosabati bilan tabrik telegrammasi joʻnatdi. Shuningdek, oʻzaro telefon muloqoti ham boʻlib oʻtgan.

 

«Hurmatli Emomali Sharipovich!

 

Aziz birodarim!

 

Siz Janobi Oliylariga 70 yoshingiz munosabati bilan samimiy tabrik va ezgu tilaklarimni bildirishdan chin qalbimdan xursandman.

 

Biz sizni zamonaviy Tojikistonning atoqli davlat arbobi, xalqingizning buyuk farzandi va yurtingiz tinchligi va farovonligi yoʻlida katta matonat bilan mehnat qilayotgan haqiqiy rahbar sifatida bilamiz.

 

Sizning uzoqni koʻra oluvchi va oqilona siyosatingiz samarasida xalqning turmush darajasi yuksalib, mamlakatingiz barcha sohalarda salmoqli yutuqlarga erishmoqda, xalqaro maydonda davlat nufuzi yuksalib bormoqda.

 

Soʻnggi yillarda amalga oshirilgan oliy darajadagi tashriflar, oʻzaro hurmat va qoʻllab-quvvatlash tamoyillariga asoslangan faol muloqotimiz strategik sheriklik munosabatlarini mutlaqo yangi bosqichga – ittifoqchilik munosabatlariga olib chiqdi.

 

Shubhasiz, bizning qatʼiy siyosiy irodamiz va oʻzaro saʼy-harakatlarimiz tufayli Oʻzbekiston bilan Tojikiston oʻrtasidagi koʻp qirrali munosabatlar bundan buyon ham barcha sohalarda abadiy doʻstlik, oʻzaro ishonch va yaxshi qoʻshnichilik ruhida rivojlanadi.

 

Hurmatli Emomali Sharipovich!

 

Sizni hayotingizdagi unutilmas kun – shonli yubiley bilan yana bir bor chin qalbimdan tabriklab, sizga mustahkam sogʻlik, oilaviy baxt va masʼuliyatli faoliyatingizda ulkan muvaffaqiyatlar, qardosh Tojikiston xalqiga tinchlik, osoyishtalik va doimiy taraqqiyot tilayman», – deyiladi telegrammada.

 

Mirziyoyev va Emomali Rahmon oʻrtasidagi telefon orqali muloqotda esa Oʻzbekiston rahbari tojikistonlik hamkasbini yubileyi bilan yana bir bor samimiy va qizgʻin tabriklab, unga mustahkam sogʻlik va Tojikiston xalqi farovonligi yoʻlidagi masʼuliyatli davlat faoliyatida muvaffaqiyatlar tiladi.

 

Suhbat chogʻida, shuningdek, Tojikiston-Oʻzbekiston hamkorligiga oid keng koʻlamli masalalar yuzasidan ham fikr almashilgan.

 

Shu bilan birga, yaqinda Tojikiston-Oʻzbekiston munosabatlarini strategik sheriklik va ittifoqchilik formatida rivojlantirish borasida erishilgan ijobiy natijalardan mamnunlik izhor etilib, davlat rahbarlari xalqaro va mintaqaviy kun tartibidagi ayrim dolzarb masalalarni ham koʻrib chiqishgan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//