Siyosat
Bugun, 4-oktabr kuni Budapesht shahridagi Shandor saroyida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Vengriya Prezidenti Katalin Novak bilan uchrashuvi boʻlib oʻtdi.
Uchrashuv avvalida Oʻzbekiston rahbari Faxriy mehmonlar kitobida qayd qoldirgan, yetakchilar birgalikda suratga tushgan.
Prezidentlar Oʻzbekiston va Vengriya oʻrtasidagi koʻp qirrali strategik sheriklik munosabatlarini yanada kengaytirish masalalari yuzasidan fikr almashgan.
Xalqlarning azaliy tarixiy aloqalari, mushtarak qadriyatlari va oʻxshash mentaliteti doʻstona munosabatlarni mustahkamlash uchun poydevor boʻlib xizmat qilayotgani taʼkidlangan. Arminiy Vamberi va Isxak Ibragim kabi sharqshunos olimlar tarixiy rishtalar va boy madaniy merosni oʻrganishga katta hissa qoʻshgani alohida qayd etilgan.
Ikki tomonlama hamkorlik jadal rivojlanib borayotgani, siyosiy muloqot chuqurlashib, oʻzaro koʻmak davom ettirilayotgani, parlamentlararo va jamoatchilik aloqalari kengayib borayotgani mamnuniyat bilan taʼkidlangan.
Savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish ustuvor ahamiyatga ega ekani qayd etilgan. Keyingi yillarda tovar ayirboshlash hajmi qariyb uch barobar oshgani taʼkidlangan.
Bu boradagi ishlarni faollashtirishda iqtisodiy hamkorlik boʻyicha Oʻzbekiston-Vengriya hukumatlararo komissiyasi va 3-oktyabr kuni Budapeshtda ikkinchi yigʻilishini oʻtkazgan Oʻzbekiston-Vengriya Ishbilarmonlar kengashi muhim oʻrin tutmoqda.
Tomonlar Oʻzbekiston Yevropa Ittifoqining GSP+ preferensiyalar tizimiga qoʻshilgani oʻzaro savdoni salmoqli darajada koʻpaytirish va diversifikatsiya qilish uchun yangi imkoniyatlar ochishini taʼkidladlagan.
Oʻzbekiston-Vengriya hamkorligini rivojlantirishda madaniy-gumanitar soha alohida oʻringa ega. Vengriya Hukumati “Xungarikum” dasturi doirasida oʻzbekistonlik talaba va doktorantlar uchun har yili ajratiladigan kvotani 170 tagacha oshirish toʻgʻrisida qaror qabul qilgani urgʻulangan.
Oʻzbekiston va Vengriya oliy taʼlim muassasalari rektorlarining ikkinchi forumini oʻtkazish maqsadga muvofiqligi koʻrsatib oʻtilgan.
Davlat rahbarlari xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashdilar, koʻp tomonlama tuzilmalar doirasidagi faol muloqotni va oʻzaro koʻmakni davom ettirish masalalarini muhokama qilgan.
Uchrashuv yakunida Oʻzbekiston Prezidenti Vengriya Prezidentini oʻzi uchun qulay vaqtda tashrif bilan Oʻzbekistonga borishga taklif etdi.
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Ilm-fan
Jamiyat
Sport
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q