Senat O‘zbekistonda go‘daklar o‘limi ko‘payganini ma’lum qildi

Saqlash
15:23 / 29.09.2022 668 0

Oliy Majlis Senati Kengashi majlisida Reproduktiv salomatlikni saqlash, onalik va bolalikni muhofaza qilish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar holatini oʻrganish masalasi muhokama qilindi, deya xabar bermoqda Senat Axborot xizmati.

 

Unda onalik va bolalikning muhofazasi, reproduktiv yoshdagi ayollar va bolalarga koʻrsatilayotgan tibbiy yordam holati, sohadagi mavjud muammolar hamda ularni bartaraf etish borasidagi takliflar koʻrib chiqilgan.

 

Qayd etilishicha, Oʻzbekistonda 2021-yilda goʻdaklar oʻlimi 7 214 tani tashkil etgan boʻlib, 2020-yilga nisbatan 160 taga (7054/7214) oshgan.

 

Shuningdek, hududlarda 2018—2022-yillarda bolalarda tugʻma va irsiy kasalliklarni barvaqt aniqlash Davlat dasturi ijrosi boʻyicha qator kamchiliklar mavjud ekanligi qayd etilgan.

 

Homilador, tugʻuvchi, tuqqan ayollar va yangi tugʻilgan chaqaloqlarga koʻrsatiladigan tibbiy yordam sifatini yaxshilash maqsadida respublikadagi tugʻruqqa yordam beruvchi muassasalarning moddiy-texnika bazasini xalqaro standartlarga muvofiq mustahkamlash va zarur dori vositalari bilan taʼminlash masalasi toʻliq bajarilmagani aytildi.

 

Bildirilgan fikrlardan soʻng bu borada chuqur, tizimli, kerak boʻlsa, tanqidiy oʻrganish va tahlil zarurligidan kelib chiqib, Oliy Majlis Senati Kengashining Onalik va bolalikni muhofaza qilish, reproduktiv salomatlikni saqlash uchun profilaktik chora-tadbirlarni amalga oshirish holatini oʻrganish boʻyicha Ishchi guruh tuzish toʻgʻrisidagi qarori qabul qilindi.

 

Ishchi guruh bir oy muddatda mazkur yoʻnalishda hududlardagi haqiqiy holat boʻyicha oʻrganishlar oʻtkazib, 1-noyabrga qadar Senat Kengashiga aniq taklif kiritishi belgilandi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//