Toshkentda soxta maʼlumotlar bilan bankdan 2,5 mlrd soʻm kredit olganlar aniqlandi

Saqlash
21:24 / 28.09.2022 609 0

Bosh prokuratura huzuridagi departament organlari tomonidan banklarning komplayens-nazorati tuzilmalari bilan hamkorlik doirasida pul mablagʻlarining talon-toroj qilinishi boʻyicha aniqlangan qonunbuzilish holatlari yuzasidan qonuniy choralar koʻrilmoqda.

 

Xususan, departamentning Uchtepa tuman boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda “B.T.” MCHJ rahbari A.N. va boshqalar kredit taʼminoti sifatida MCHJga qarashli 7 ta maxsus texnikalar mavjudligi va taqiqda emasligi haqida soxta maʼlumotnomalar tayyorlagani aniqlangan. Ular bank muassasidan 2,5 milliard soʻm kredit ajratilishiga erishib, ushbu mablagʻlarni oʻzlashtirish yoʻli bilan talon-toroj qilgan.

 

Shuningdek, departamentning Dehqonobod tuman boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda “M.P.” xususiy korxonasi rahbari S.X. tijorat banki filialidan naslli chorva mollarini sotib olish uchun 100 ming dollar kredit ajratilishga erishgani maʼlum boʻlgan. Ular hujjatlarni qalbakilashtirish orqali chorva mollarni boshqa shaxslarga sotib yuborib, juda koʻp miqdordagi kredit mablagʻini oʻzlashtirish va rastrata qilish yoʻli bilan talon-toroj qilgani aniqlangan.

 

Pop tumanida esa “J.I.” MCHJ rahbari B.A. hududiy tijorat banki filiali sobiq boshqaruvchisi M.O. bilan oʻzaro til biriktirib, bank filialidan maxsus texnikalar sotib olish uchun ajratilgan 980 million soʻm kreditning garov taʼminotini toʻliq taʼminlamasdan, maxsus texnikalarni boshqa shaxslarga sotib yuborib, kredit mablagʻini oʻzlashtirish yoʻli bilan talon-toroj qilgan.

 

Departamentning Izboskan tuman boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, “B.B.” MCHJ rahbari B.Q. va boshqalar tijorat banki filialidan “Volvo Ew 145 B” rusumli ekskavator xarid qilish uchun ajratilgan 845 million soʻm kredit mablagʻini talon-toroj qilgani aniqlangan.

 

Bundan tashqari, Toyloq tumanida I.Ya. ismli shaxs bank muassasi masʼul xodimlari bilan oldindan oʻzaro til biriktirib, “S.M.” MCHJga 800 million soʻm kredit ajratilishiga erishib, ushbu mablagʻlarni soxta monitoring dalolatnomalari tuzish orqali “R.T.” MCHJga uskuna olish uchun oʻtkazish yoʻli bilan talon-taroj qilgani aniqlangan.

 

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//