O‘zbekistonda ilk bor robot-xirurg yordamida murakkab jarrohlik amaliyotlari o‘tkazildi

Saqlash
20:45 / 28.09.2022 997 0

Dunyo futurologlari insoniyat kelgusida barcha ogʻir sohalardagi oʻrnini robotlarga topshirishini bashorat qiladi. Bunday beminnat dastyorlarga ega boʻlgan mutaxassislar esa asosan ilmiy salohiyatini yuksaltirish bilan band boʻlishadi... Bu gaplar bir necha yillar avval xuddi ertakdek qabul qilingani rost. Ammo hozirgi taraqqiyot oqimi ana shu “afsona”larni haqiqatga aylantirmoqda.

 

Xususan, 2000-yilda AQSHda robot-jarroh yordamida ilk operatsiya amalga oshirilgan boʻlsa, hozirga kelib dunyo boʻyicha bunday “temir shifokor”lar soni 5 mingtaga yetdi.

 

Robotoxirurgiya Yevropa davlatlari, Koreya Respublikasi, Yaponiya, Singapur, Turkiya kabi mamlakatlarda onkologiya, urologiya, ginekologiya, gastroenterologiya, umumiy jarrohlik, kolorektal va plastik xirurgiya yoʻnalishlarida rivojlanib bormoqda.

 

Zamonaviy tibbiyotning bu imkoniyatidan unumli foydalanish maqsadida Koreya Respublikasining “Meere” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan “Revo-i” rusumli robot-xirurg mamlakatimizga olib kelindi.

 

“Shox International Hospital«ga oʻrnatilgan, nafaqat yurtimiz, balki Markaziy Osiyoda ham noyob boʻlgan ushbu texnologiya olib kelib oʻrnatilganiga bir hafta boʻlishiga qaramasdan 8 nafar bemor u orqali dardiga davo topdi.

 

Bugun mazkur klinikada Sogʻliqni saqlash vazirligi mutasaddilari, Koreyaning “Meere” kompaniyasi vakillari, yurtimizdagi ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari rahbarlari, bir qator malakali professor-shifokorlar va jamoatchilik faollari ishtirokida oʻzbek tibbiyoti tarixidagi muhim voqea – mamlakatimizda ilk bor robot-xirurg texnologiyasi ish boshlashiga bagʻishlangan tantanali marosim boʻlib oʻtdi.

 

Klinika mutasaddilari ushbu innovatsion texnologiya muassasadagi barcha operatsion blok mutaxassislari tomonidan oʻzlashtirilishini maqsad qilgan.

 

Negaki, operatsiyada butun jamoa ishtirok etadi, amaliyot natijasi va bemor salomatligi har birining kasbiy mahoratiga bogʻliq. Keyinchalik esa bu mutaxassislar yurtimizdagi boshqa hamkasblari bilan oʻz tajribalarini boʻlishadi.

 

Zarifxoʻja Bahodirxonov – Oʻzbekistonda ilk bor robot-jarrohga operatorlik qilgan onkoxirurg. Mutaxassis zamonaviy xirurgik texnologiyalar boʻyicha Italiya, Germaniya, Xitoy va Turkiyaning nufuzli klinikalarida tajriba orttirgan. Xususan, Sogʻliqni saqlash vazirligi koʻmagi bilan aynan “Revo-i” robot texnologiyasi boʻyicha Koreyada ikki marta malaka oshirib kelgan.

 

– Bizda shu paytgacha jarrohlik amaliyotlari odatiy kesish va laparoskopik usullarda oʻtkazilgan, – deydi Z.Bahodirxonov . – Toʻgʻri, laparoskopik operatsiyalar ham kesishlarsiz, vizual imkoniyatlardan foydalangan holda amalga oshiriladi. Bu usulda shifokor jarrohlik stoli oldida turib, operatsiya paytida ishlatiladigan asboblarni bevosita qoʻli bilan ushlab, qarshisidagi monitorga qarab, ish olib boradi.

 

Robot yordamida bajariladigan operatsiya chogʻida esa jarroh konsoldagi qulay stulda, barcha diqqatini operatsiyada jamlash imkoniyati boʻladigan sharoitda oʻtiradi.

 

Robotning jarrohlik asboblari kichik oʻlchamli boʻlib, inson qoʻliga qaraganda ancha katta diapazonda egilib, aylana oladi.

 

Robot-xirurg yordamida bajariladigan onkologik amaliyotlar oʻsimta yana takrorlanmasligi uchun uni butunlay olib tashlashi, asab tugunlariga va bemor hayoti uchun muhim boʻlgan boshqa organlarga taʼsir qilmasligi, minimal qon yoʻqotish bilan kechishi, bemorning amaliyotdan keyingi tiklanishi hamda butkul sogʻayishini tezlashtirishi bilan katta ahamiyatga ega.

 

Mutaxassislarning taʼkidlashicha, Oʻzbekistonda robotoxirurgiyaning taraqqiy etishi ikki omilga bogʻliq. Birinchisi – texnologiyani boshqara oladigan mutaxassislar tayyorlash boʻlsa, ikkinchisi – mamlakatimiz tibbiyotida robotlar sonini orttirish.

 

Bu borada dastlabki qadam tashlandi. Endigi vazifa – robot bilan birga operatsiya qiluvchi koʻp sonli xirurglar zaxirasini shakllantirish. Shunda bu innovatsion texnologiya onkologiya va onkourologiya yoʻnalishlaridagina emas, milliy tibbiyotimizning barcha jabhalarida faol qoʻllanila boshlaydi.

 

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//