Jazeera Airways Namanganga haftasiga 3 marta parvozlar amalga oshirishni boshlaydi

Saqlash
09:09 / 27.09.2022 455 0

Kuvaytning Jazeera Airways 30-sentabrdan Namanganga haftasiga 3 marta parvozlar amalga oshirishni boshlaydi. Bu haqda “Dunyo” AA xabar bermoqda.

 

Xabar berilishicha, Oʻzbekiston va Kuvayt poytaxtlari oʻrtasida toʻgʻridan toʻgʻri havo qatnovlari yoʻlga qoʻyilganidan bir yil oʻtib, Jazeera Airways kompaniyasi Oʻzbekistonning kattaligi boʻyicha uchinchi shahri, mamlakatning sharqiy qismida joylashgan Namangan yoʻnalishida reyslar ochilganini eʼlon qilgan.

 

Aviakompaniya yangi yoʻnalish boʻyicha parvozlarni haftasiga uchta reys bilan — dushanba, chorshanba, juma kunlari amalga oshirishni rejalashtirmoqda. Birinchi aviaparvoz joriy yilning 30-sentabr kuni yoʻlga qoʻyiladi.

 

“Bu Namanganga Yaqin Sharq mintaqasidan ilk yoʻnalish boʻlib, Oʻzbekistonning sharqiy qismi bilan rivojlanib borayotgan savdo aloqalari va katta sondagi turistlar imkoniyatiga ega mintaqaga yoʻl ochadi. Namangan oʻzining tarixiy obidalari va madaniyati bilan ajralib turuvchi Oʻzbekistoning yengil sanoat va oziq-ovqat markazidir”, — degan Jazeera Airways kompaniyasining Bosh ijrochi direktori Rohit Ramachandra.

 

Kuvayt bilan Toshkent va Namangan yoʻnalishlarida toʻgʻridan toʻgʻri parvozlarning amalga oshirilishi ikki mamlakat oʻrtasida savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va gumanitar hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun muhimdir hamda respublikamizga kelayotgan xorijiy sayyohlarning sonini sezilarli oshishiga xizmat qiladi. Shu bilan birga, Oʻzbekistonda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning Kuvaytga eksporti hajmini oshirish uchun qulay imkoniyatlar yaratadi.

 

Hozirgi paytda Jazeera Airways kompaniyasi bilan Al-Kuvayt – Samarqand – Al-Kuvayt yoʻnilishi boʻyicha aviaparvozlarni yoʻlga qoʻyish masalasi ishlab chiqilmoqda.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish